Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
7 sentyabrda Bektemir tumanida harakatlanuvchi 13T-sonli elektrobus kunning kechki vaqtlarida beton ustunga urilgani, oqibatda esa avtobus ichidagi 5 nafar yo‘lovchi hamda haydovchi jarohatlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmatiga ko‘ra, YTH 1-Avtobus saroyi filiali tasarrufidagi Yutong rusumli 13T-elektrobusi bilan yuzaga kelgan. O‘sha kuni avtobus 34−35 km/soat tezlikda ketayotgan bo‘lgan. Ikki yo‘nalishli harakat oqimida transport vositalarining 3 ta qator bo‘lib harakatlanishi elektrobusning yurishiga xalal bergan. Oqibatda haydovchi boshqaruvni o‘ng tomonga burib yuborishi ortidan avtobus beton ustunga borib urilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa sodir bo‘lgan vaqtda avtobus ichida 15−20 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, shuning 5 nafari hamda haydovchi tan jarohati olgan. Yo‘lovchilar "Shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi" va "Toshkent shahar 4-sonli klinik shifoxonasi"ga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yuborilgan. Hozirda Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Avtobusga jiddiy texnik shikast yetgan.
Raqamlarga ko‘ra, oxirgi 7 oyda Toshkentda “Toshshahartransxizmat”ga qarashli avtobuslar ishtirokida 85 ta transport hodisasi kuzatilgan. Voqeada 98 nafar odam tan jarohati olgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!