20 sentyabrdan boshlab, har chorshanba kuni barcha maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yod preparatlarini bepul tarqatish boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
3-15 yoshdagi bolalarni yod preparati bilan bepul ta’minlash «Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida belgilangan.
Qayd qilinishicha, yod rivojlanayotgan organizm uchun eng muhim moddalardan biri hisoblanadi. Uning tanqisligi bo‘qoqning rivojlanishi, qalqonsimon bez disfunksiyasi, bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishini sekinlashishi, kretinizm kabi oqibatlarga olib kelishi mumkin.
«Bolalarda yod tanqisligining eng og‘ir oqibati ularning aqliy va jismoniy rivojlanishidagi kechikishdir», deyiladi xabarda.