Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston–Fransiya biznes forumida so‘zga chiqdi.
“Aytib o‘tishim kerakki, mamlakatingizda islohotlar yangi bosqichga chiqqan. Bu Fransiyaning mintaqaga investitsiyalarini qo‘llab-quvvatlashda muhim. Prezident Mitterandan keyin biron bir Fransiya prezidenti mintaqaga tashrif buyurmagan edi. Biz buni albatta to‘g‘rilaymiz”, – dedi Makron.
Uning bu so‘zlari zalda olqishlar bilan qarshi olindi.
“Albatta, fransuz kompaniyalari bu mintaqada o‘z faoliyatini kengaytirishi kerak. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik yashasin, kompaniyalarga o‘z ishlariga muvaffaqiyatlar tilab qolaman”, – deya so‘zini yakunladi Fransiya prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, Fransiyaning 21-prezidenti Fransua Mitteran 1994 yilda Samarqandga tashrif buyurgan. Oradan 29 yil o‘tib, Emmanuel Makron O‘zbekistonga kelgan Fransiyaning ikkinchi prezidenti bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!