Fuqarolarning biometrik pasporti, ID kartasi yoki xorijga chiqish pasporti yo‘qolganda yoki muddati o‘tib ketgan holatda yangilash uchun ma’muriy jarima belgilangan. Endilikda yo‘qotganlikni alohida ajratgan holda BHMning yarim barobari miqdoridagi jarimani 2 barobarga ko‘tarish taklif qilinyapti.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasida shu norma ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasining muhokamasida ishtirok etgan deputat Doniyor G‘aniyevning aytishicha, to‘lovning oshirilishi tugul, bu jarayonda fuqaroga ma’muriy jarima qo‘llash – mantiqsizlik.
“Ko‘tarishga asos nima o‘zi? Asos qilib ko‘rsatishayotgan davlat rahbari imzolagan hujjatda [jarima miqdorini] ko‘rib chiqish kerakligi aytilgan, ko‘tarish kerak deyilmagan.
Joylarda ID kartani yangilash uchun to‘lanadigan jarimani ko‘pchilik odamlar jarima ekanini ham bilishmas ekan, shunchaki to‘lov deb bilishadi. Nechta holatda ma’muriy jarima bilan, nechta joyda ma’muriy jarimasiz yangilab berildi, degan savol bilan statistika so‘ragan edim, hali berishgani yo‘q. Odamlardan olgan ma’lumotimga ko‘ra, har qanday holatda hujjatni yangilash uchun pul to‘lanar ekan. Demak, bu yerda qandaydir manfaatlar bor, degan fikr keldi. Ikkinchi mantiqli savol ham bor: o‘zi nega to‘lov qilish kerak?
ID kartani olish uchun to‘lov qilinadi, bu xizmat uchun bo‘ladi. Shu to‘lov qilingach u ID karta qaysidir ma’noda fuqaroning shaxsiy mulkiga aylanadi. To‘g‘ri, pasportda davlat mulki deb yoziladi, ammo bu hujjat degani emas, balki fuqarolik statusiga nisbatan aytiladi, menimcha. Ammo ID kartada bunday narsa yozilmagan. Shundan kelib chiqib savol tug‘ilyapti. Deylik, men uni yo‘qotib qo‘ysam, nega jarima to‘lashim kerak, ishlab chiqarish xarajatlarini to‘laganman-ku? Yana qayta oladigan bo‘lsam, bu safar ham faqat ishlab chiqarish xarajatlarini to‘lashim kerak, bu to‘g‘ri. Lekin nega bu ma’muriy huquqbuzarlik sifatida ko‘rilishi kerak?”– dedi u.
G‘aniyevning qo‘shimcha qilishicha, bank plastik kartalari bilan bog‘liq holatda ham yangi kartochka uchun faqat ishlab chiqarish xarajatlari qoplanadi, ammo qo‘shimcha ravishda jarima undirilmaydi. Fuqarolik hujjati yo‘qotilgan taqdirda unga jarima qo‘llanishi yoki jarimaning oshirilishida mantiq yo‘qligi aytildi.
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ham deputatning fikrlarini qo‘llagan holda, qonun loyihasining tashabbuskorlari yuqoridagi bandni asoslab berishi kerakligini ta’kidladi.
“Haydovchilik guvohnomasi bilan bog‘liq ham shunga o‘xshash vaziyat bo‘lgandi, keyin bekor qilishdi. Nima deb asoslashayotgani qiziq. Bir qarashda, men uchun ham mantiqsiz ko‘rinyapti.
ID kartani yo‘qotsa, ishlab chiqarish pulini to‘lashi to‘g‘ri. Lekin davlat nega o‘z fuqarosini jarimaga tortishi kerak bunday holatda? Nega yo‘qotgan fuqaroga huquqbuzar maqomi berilishi kerak? Deylik, taksida tushirib qoldirgani, tushirib qo‘ygani uchun huquqbuzarmi? Jamiyatga ziyon keltiradigan nima ish qildi? Shularni bizga tushuntirib berishsa, yaxshi bo‘lardi. Hozircha fikrim shu, davlat fuqarosini huquqbuzar deyotganda nima qilayotganini o‘ylab ko‘rishi kerak”, – dedi u.
Hozircha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasining birinchi o‘qishida qabul qilindi. Fraksiya yig‘ilishida ikkinchi o‘qishgacha kamchiliklar bartaraf etilishi, e’tirozlar inobatga olinishi va’da qilindi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
UzAuto Motors kompaniyasiga vaqtinchalik rahbar tayinlandi
Oʻzbekistonga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar
“Mutlaqo maxfiy”: Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd boʻyia jinoyat ishi sudda koʻrilmoqda
FVB boshligʻi 160 ming AQSh dollari olayotganda qoʻlga olindi
Samarqand viloyati IIB tezkor xodimi 10 ming dollar pora olayotganda ushlandi
Amaldorlarning korruptsiyaga moyilligi tekshirilishi mumkin
18+: Internetdagi axloqsiz va qonli batllari orqali mashhur blogerlarni qoʻllayotganlar kimlar?
Gulnora Karimovaga qarashli boʻlgan “Sijjak” dam olish maskani Kasaba uyushmasiga berildi