17:13 / 06.03.2024
155

Qoraqalpog‘istonda mast erkak maktabga bolta ko‘tarib keldi

Qoraqalpog‘istonda mast erkak maktabga bolta ko‘tarib keldi
Foto: Milliy gvardiya matbuot xizmati
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanidagi maktabga qo‘lida bolta bilan kelgan fuqaro Milliy gvardiya qorovuli tomonidan to‘xtatib qolindi.

Milliy gvardiya matbuot xizmatining xabar qilishicha, 4 mart kuni soat 15:40 larda tumanning “Dao‘ir” mahallasida joylashgan 4-sonli maktabda, yangi joriy qilingan tizimda xizmat o‘tayotgan Milliy gvardiya qorovul xodimi maktabga mast holda qo‘lida bolta bilan kelgan erkakni to‘xtatib qolgan.

Ushbu fuqaro maktabning kirish joyida xizmat o‘tayotgan qorovul xodimining begonalarni maktab ichkarisiga kiritmasligi to‘g‘risidagi ogohlantirishiga va talablariga bo‘ysunmasdan, kurtkasi ichidan bolta chiqarib janjal ko‘tarib turgan paytda “tashvish” xabari asosida chaqirilgan va yetib kelgan tuman qo‘riqlash xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Olib borilgan dastlabki o‘rganishlar davomida ushbu fuqaro, Taxtako‘pir tumanida yashovchi 45 yoshli fuqaro S.D. ekani, mazkur maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan turmush o‘rtog‘i R.B.ni ko‘rishga kelgani va gaplashib ketmoqchi ekanligini, qo‘lidagi boltani esa o‘tin chopish oldidan o‘tkirlatishga olib chiqqanini ma’lum qilgan.

Fuqaro S.D. tezkor guruh xodimlari tomonidan tuman Tibbiyot bo‘limiga olib borilib, spirtli ichimlik iste’mol qilgani bo‘yicha ma’lumoti olingandan so‘ng, tuman IIB profilaktika inspektori bilan birga tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan holda, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli mastlik holati bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktiga yotqizilgan.

Hozirda holat yuzasidan Taxtako‘pir tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident qarori bilan maktablardagi inspektor-psixologlar shtati IIVdan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazildi. Har bir maktabga Milliy gvardiya ofitserlari biriktirildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat