19:55 / 10.04.2024
160

Keling, uyimizga diydorlar uchun…

Keling, uyimizga diydorlar uchun…
Bugun aka-ukalar va opa-singillar kuni. Qondoshlar o‘rtasidagi noyob do‘stlikni nishonlaydigan maxsus bayram.
Zero qadim zamonlardan turli madaniyatlarda odamlar bir-birlariga muhabbat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan maxsus kunlar bo‘lgan.

10 aprel ilk marta Amerikada birodarlar kuni sifatida nishonlangan. Yevropada 31 may kuni aka uka opa singillar kuni nishonlanadi. Hindistonda aka-uka va opa-singil o‘rtasidagi aloqani nishonlaydigan Raksha Bandhan festivali mavjud. O‘zimizda ham 15 may «Xalqaro oila kuni» sifatida keng nishonlanadi.

Ana shunday qutlug‘ ayyomda aka-uka va opa-singillar bir-biriga mehr, g‘amxo‘rlik va minnatdorchilik izhor etadilar. Oila a’zolari bir-birlariga sovg‘alar berishadi va birga vaqt o‘tkazishadi, birga fotosuratlarni tomosha qilishadi, o‘yinlar va musobaqalarda qatnashishadi.

Tadqiqotlarga qaraganda amerikaliklarning 80 foizdan ortig‘i kamida bitta aka-uka bilan o‘sadi va bu munosabatlar balog‘at yoshida bolalarga yaxshi foyda keltirishi mumkin. Masalan, 60 yoshli odamlar o‘rtasida 2019 yilda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, opa-singillar o‘rtasidagi iliqlik yolg‘izlikka qarshi dori bo‘lib, farovonlikni oshirishga yordam beradi.

Aka-uka va opa-singillar o‘rtasidagi munosabatlar haqida ko‘p tadqiqotlar o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, professor Jefri Greif tomonidan 2015 yildagi «Katta yoshdagi aka-uka munosabatlari» kitobidan olingan ma’lumotlarda aytilishicha 262 nafar katta yoshli insonlarning 64 foizi o‘zlarini hech bo‘lmaganda birodaru opa-singillari uchun «yaxshi do‘st» deb bilishlarini, 45 foizi esa kamida bitta opa-singilni eng yaxshi do‘st deb bilishlarini aytdilar.

O‘zbek oilalarida aka-ukalar va opa-singillar

O‘zbek oilalarida aka-uka va opa-singillar soni ikki nafardan besh nafargacha bo‘lishi mumkin. 80-90-yillarda esa besh nafardan o‘n ikki nafargacha edi. Ularning barchasi bitta so‘zga jamlangan – jigarlar.

Va oiladagi jigarlarning bir-biriga munosabati, ahilligi, qadrdonligi alohida qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. To‘ylar, ma’rakalar jigarlarsiz, tug‘ishganlarsiz o‘tmaydi. Shuningdek, ularga atab she’rlar, qo‘shiqlar kuylanadi, maqollar, hikmatlar mavjud. Shulardan biri «et bilan tirnoqni ajratib bo‘lmaydi». Yoki aka singlisini ko‘rishi uchun hatto bosish mumkin bo‘lmagan bug‘doyzorni kesib o‘tishga ham ruxsat bor.

Bu mavzuda she’rlar yozilgan.

Donni bosib o‘tsa bo‘lar singil uchun,
Jonni kechib ketsa bo‘lar singil uchun.
Ota uyda ulg‘ayish bor qolish yo‘qdur,
Singillarni yo‘qlab turing ko‘ngil uchun
.

She’rda aytilganidek bir uyda ulg‘ayish boru ammo bir umrga qolish yo‘q. Keyinchalik opa-singil aka-ukalar bir-biridan ayro yashashadi.

Birodar-u opa-singillar bilan shaxsan uchrasha olmasangiz ham, yaxshi so‘zlarni almashish va bayram kayfiyatini tarqatish uchun video qo‘ng‘iroq orqali suhbatlashish, telegram yozishmalaridan foydalanish mumkin. Va eng ta’sirli va esda qolarlisi ajoyib she’r jo‘natish. Kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Zarshidbek Matg‘oziyev qalamiga mansub, «Keling uyimizga diydorlar uchun» she’ri bugun juda ko‘pchilikka juda yaxshi tanish va hatto qo‘shiqqa aylanib bo‘lgan.

Agar siz oilada kichik singil va uka bo‘lsangiz opangizga shunday deng:

Opa, ahvolingiz yaxshimi ayting,
Qo‘ng‘iroq qilolmay qolaman har kun.
Ishim ko‘p so‘zini yodlab olganman,
Keling uyimizga diydorlar uchun.


Agar akangiz bo‘lsa, siz eng baxtli insonsiz, chunki u siz uchun har qanday qiyinchilikka turib bera oladi, yaxshi-yomon kuningizda bosh bo‘ladi:

Aka, sochingizga oralabdi oq,
Charchagan odamday turibsiz nechun.
Bir marta suyanib, uka deb menga,
Keling uyimizga diydorlar uchun.


Agar sizning singlingiz bo‘lsa ishoning yaxshi do‘st izlashga hojat yo‘q:

Singlim, nima gaplar, ayta qol singlim,
Yo‘qlab borolmadim iltimos tushun.
Ertadan kechgacha ishdaman bilsang,
Kelgin uyimizga diydorlar uchun.


Sizning ukangiz bormi, demak siz hech qachon zerikishingizga asos yo‘q:

Uka, ukajonim, ishongan tog‘im,
Ko‘nglim xotirjamdir sen menga ustun.
Ota va onamni xursand qilay deb,
Kelgin uyimizga diydorlar uchun.


Xuddi shunday qardoshlar kuni – bu bir-biringizga g‘amxo‘rlik, sevgi va qo‘llab-quvvatlashni ko‘rsatish imkoniyatidir. Shuning uchun, bu kun bilan tabriklar chin yurakdan yangraydi va eng yorqin va unutilmas his-tuyg‘ularni o‘z ichiga olishi kerak. Avvalgilday haftalab xat kutishga hojat yo‘q. Elektron pochta yoki telegram orqali aytolmagan so‘zlaringizni aytish imkoniyati bor bugun.

«Opa! Bugun, bayram kuni, men sizga o‘zimning samimiy minnatdorchiligim va sevgimni bildirmoqchiman. Siz ajoyib opasiz va ishonchli tayanchsiz, kerak bo‘lganda doim yonimdasiz.

Meni doim tinglaganingiz va tushunganingiz uchun raxmat. Sizning yordamingiz va dono maslahatingiz menga kuch va ishonch bag‘ishlaydi. Siz har doim quvonch va qayg‘ularni baham ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan haqiqiy do‘stsiz. Sizni yaxshi ko‘raman!
»

«Qadrli singiljonim, seni bugungi kuning bilan tabriklayman! Bizning xotiralarimiz, kulgularimiz va ko‘z yoshlarimiz men uchun doimo noyob va qadrli bo‘lib qoladi.

Senga hayotdagi eng ajoyib narsalarni – baxt, sog‘liq, sevgi va muvaffaqiyatlarni tilayman. Hayot yorqin lahzalarga, orzu va maqsadlar ro‘yobga chiqsin, aloqalarimiz har doimgidek mustahkam va go‘zal bo‘lsin
».

«Aziz, akajon! Ushbu maxsus kunda haqiqiy do‘stim bo‘lganingiz uchun sizga qanchalik minnatdor ekanligimni aytmoqchiman. Bizning aloqamiz men uchun dunyoni anglatadi va men bu yo‘llardan birga o‘tganimizdan faxrlanaman.

Menga qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘lganda siz doimo yoningizda bo‘lgansiz va men har doim sizga ishonishim mumkin. Sizning kuchingiz, donoligingiz va hazilingiz menga har qanday qiyinchiliklarni yengishga yordam berdi. Siz mening ko‘z o‘ngimda haqiqiy qahramonsiz
».

Ular haqidagi qiziqarli va bahsli faktlar

Sevimli bola


Katta va o‘rta aka-ukalar uchun ajablantiradigan yangilik shundaki, eng kichik bola ko‘pincha sevimli bo‘lib chiqadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, eng kichik bola odatda ota-onalarning sevimli bolasi hisoblanadi. Garchi ota-onangiz buni hech qachon tan olmasa ham.

Mehribonlik

Professor Lori Kramerning so‘zlariga ko‘ra, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan aka-uka opa-singillar soatiga o‘rtacha 3,5 marta janjal qilishadi. Shunga qaramay, mehribon aka-uka va opa-singillar dunyoda xayriya va xayrli ishlarni rivojlantirishga yordam beradi.

Bosh farzandlar

Edinburg va Sidney universitetlari tomonidan olib borilgan keng qamrovli tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, birinchi tug‘ilgan bolalar birinchi yillaridanoq intellektual salohiyatga va nutq borasida afzalliklarga ega bo‘lishadi, chunki ular ota-onalarning diqqat markazida bo‘lishadi.

O‘rtanchi bolalar - siz nihoyat porlay oladigan joy: siz aka-ukangizga qaraganda 30 foiz ko‘proq boshliq va tadbirkor bo‘lasiz, kattaroq bolalar esa olim bo‘lish ehtimoli ko‘proq.

Hazilga moyillik

Britaniyalik oilalardagi aka-uka va opa-singillarning shaxsiy xususiyatlariga bag‘ishlangan tadqiqotda turli yoshdagi bolalarga ular o‘zlarini qanday qabul qilishlari haqida bir qator savollar berildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, kichik ukalar o‘zlarini uyushgan va mas’uliyatli katta akalariga qaraganda ancha xotirjam va quvnoqroq deb bilishadi. Haqiqatan ham, ular o‘zlarini shunday idrok etishadi, lekin tan olish kerakki, kichiklar ko‘pincha eng kulgili hazillarni ataylab yoki shunchaki jasur bo‘lgani uchun qiladi.

Xullas barcha opa-singillarni, aka-ukalarni bugungi kun bilan tabriklashni unutamang. Tug‘ilgan kun qilasizmi, to‘ymi yoki boshqa sabab bilan yig‘ilasizmi, birodarlaringiz, jigarlaringiz bilan faqat bolalik, ota uy haqida gaplashasiz. Bu esa sizga yashashga ishtiyoq uyg‘otadi, kuch beradi. Yana shoirni tinglang-a. Va aytishni esdan chiqarmang :

Jigarlar jam bo‘ling, keling mehmonga,
Bo‘laylik hammamiz bag‘rimiz butun.
Bolalik davriga qaytib bir lahza,
Keling uyimizga diydorlar uchun.


Barno SULTONOVA tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Keling, uyimizga diydorlar uchun…