Buxoro tumanining Galaosiyo shaharchasida yashovchi fuqaro R.Ch. qo‘l telefoni orqali kelgan xabardan gangib qoldi. Oilada sarosima boshlandi. Aksiga olib, qizi M.R.ning ham qo‘l telefoni o‘chiq. Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning bildirishicha, ushbu holat ortidan firibgarlik jinoyati sodir etilgan.
Voqeaga ko‘ra, Galaosiyo shahrilik R.Ch.ning qo‘l telefoni raqamiga notanish bir shaxs qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ katta tergovchisi, deb tanishtirgan. «Katta tergovchi»ning so‘ziga ko‘ra, go‘yoki R.Ch.ning qizining qoidabuzarligi sababli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Buning oqibatida boshqa bir haydovchi og‘ir tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan.
«Bemorning ahvoli juda og‘ir, unga bir necha jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarur. Buning uchun zudlik bilan 10 ming AQSH dollari miqdorida pul yuboring, yo‘qsa, qizingiz uzoq muddatga qamaladi. Zarur pullarni olish uchun o‘zimning yordamchi tergovchimni uyingizga jo‘natganman. Yarim soat ichida u uyingizda bo‘ladi. Tezlashtiringlar», degan gapni eshitib, dovdirab qoldik. Aksiga olib, musofirchilikda ishlab yurgan qizimning ham telefoni o‘chiq. Endi ahvolimizni tasavvur qilavering... Va biz shuncha miqdordagi pulni topish taraddudiga tushdik...», — degan R.Ch. holat yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv ishlari davomida.
R.Ch. va uning oilasidagilar hali o‘zini o‘nglab ololmay turib, «katta tergovchi»ning «yordamchisi» ularning darvozasini taqillatgan.
«Haligi «yordamchi» ayol bizni qizim bilan ulab berdi. Qizim bilan juda qisqa gaplashdik. Qizim haqiqatan ham shunday voqea sodir bo‘lgani, pul zarurligi va bemor og‘ir ahvolda ekanini aytib, telefonni qo‘yib qo‘ydi. Biz ular aytgan miqdordagi pulni «yordamchi» ayolga berib yubordik», — dedi R.Ch.
Bildirilishicha, R.Ch. qizi bilan gaplashgach, «yordamchi» ayolga 7 000 AQSH dollari, 12 000 000 so‘m pul va 27 770 Rossiya rublini berib yuborgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, R.Ch. ushbu vaziyatda yana qizining qanday ahvoldaligini bilish uchun ko‘mak so‘rab, hududdagi huquq-tartibot organidagi tanishlariga chiqqan. Bu qaltis vaziyatda esa huquq-tartibot idoralari vakillari holatga jinoyat aralashgan yoki aralashmagani bilan qiziqishgan. Afsuski, olib borilgan harakatlar davomida R.Ch. va uning oilasi firibgarlarga uchrashganini aniqlashgan. Xuddi shu vaziyatda oradan vaqt o‘tmay, R.Ch.ga qizi ham qo‘ng‘iroq qilgan. O‘zining sog‘-salomat ishlab yurganini, hech qanday yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lmaganini, zudlik bilan ichki ishlar xodimlari orqali masalaga oydinlik kiritish zarurligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, texnik va tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan. Ushbu jinoyatni 1985 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyatida yashovchi M.A. ismli shaxs o‘zining Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan sheriklari bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda sodir qilganligi aniqlangan.
«Texnika shu qadar jadallashib ketdiki, afsuski, bu jadallikdan g‘araz maqsadlarda foydalanayotganlar soni, jinoyatlar turi ham ko‘paymoqda. Firibgarlik va aldov yo‘li bilan o‘zgalardan yirik miqdorda pul o‘zlashtirish uchun hatto, yaqin qarindosh yoki tanish-bilishlarning ovozidan nusxa ko‘chirib, unga o‘xshatish, telefon orqali aynan shaxsning o‘zi bilan emas, balki uning o‘xshatma ovozidan foydalanish jinoyatlari yuzaga kelmoqda. Ogoh bo‘ling va yaqinlaringiz bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ular holidan xabardor bo‘lishni unutmang! Yo‘qsa, yuqoridagidek achinarli muammolar girdobida qolishingiz mumkin!» — dedi Shuhrat Jalolov.
Yuqoridagi holat yuzasidan olib borilgan texnik, tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoiy guruh a’zolari tomonidan 2024 yilning 1 mayidan 10 mayiga qadar Farg‘ona viloyati hududida ham xuddi shu turdagi 6 ta jinoyat sodir etilgani aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu jinoiy guruhning respublikamiz hududi bo‘ylab sodir etilgan va fosh etilmasdan qolayotgan shu va boshqa turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan texnik, tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi