12:41 / 15.07.2024
428

Surxondaryoda noyob sirtlon o‘ldirilgani aytilmoqda

Surxondaryoda noyob sirtlon o‘ldirilgani aytilmoqda
Foto: Ekologiya vazirligi axborot xizmati
“Ekolog.uz” Telegram kanalida respublikada faqat Surxondaryoda yashaydigan, o‘ta noyob tur bo‘lgan, Xalqaro va O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan targ‘il sirtlonning (do‘lta) Sho‘rchi tumanida o‘ldirilgani haqida xabar bergan edi.

"Jamoamiz har yili targ‘il sirtlonlarining cho‘ponlar, mahalliy aholi, brakonerlar tomonidan o‘ldirilishi haqida bong uradi. Ammo, afsuski, jonivorni o‘ldirgan shaxslar topilgan taqdirda ham ular jazodan qutilib qolmoqda.

Zero, O‘zbekistonning barcha flora va faunasi qazilma boyliklar singari davlat boyligidir. Fikrimizcha, sanoqli qolgan mazkur jonivorlarning turli sabablar bilan o‘ldirilishi mamlakatga qarshi qilinayotgan jinoyatdir.

Barmoq bilan sanoqli qolgan mazkur hayvon va o‘simlik turlarini saqlab qolish uchun qamoq jazosi belgilanishi va o‘ta og‘ir jinoyat turiga kiritilishi shart
", — deyiladi kanal xabarida.

Mazkur masala yuzasidan Ekologiya vazirligi izohida aytilishicha, Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan holat o‘rganilgan.

Foto: Ekologiya vazirligi axborot xizmati
"Voqea 2023 yilning oktyabr oyi oxiri — noyabr oyi boshlarida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani “Obodon” mahallasida “Takatosh” massivida fuqaro Sh.X. tomonidan sodir etilganligi aniqlandi. Holat natijasida tabiatga 1 milliard 60 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra bir bosh noma’lum hayvonning suyaklari topilib, ular qaysi hayvon turiga tegishliligi borasida ilmiy xulosa olish maqsadida tegishli tashkilotlarga jo‘natildi. Xulosa olingach, hujjatlar chora ko‘rish maqsadida prokuratura organlariga yuboriladi
", — deyiladi vazirlik axborotida.

Foto: Ekologiya vazirligi axborot xizmati
Ekologiya vazirligining eslatib o‘tishicha, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish qat’iyan taqiqlangani, bu qonunga ko‘ra keskin javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xususan, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 202-moddasiga ko‘ra, “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarni nobud qilish eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ma’lumot uchun, Surxondaryo hududida yashaydigan targ‘il sirtlon (do‘lta) Afrikadagi qarindoshidan farq qiladi. U ancha yirik va yoli bor. Go‘sht, o‘laksa, meva, hattoki och qolsa o‘simliklar bilan ham oziqlanadi. So‘nggi yillar ularning yashash hududi odamlar tomonidan o‘zlashtirilishi, yaylovzorga aylantirilib, chorvaning ko‘plab boqilishi natijasida soni juda kam qolib, butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryoda noyob sirtlon o‘ldirilgani aytilmoqda