date
views 132

Yunusobod MIB xodimi depozitdagi 933 mln soʻmni oʻzlashtirib, onlayn qimorga tikib yubordi

Yunusobod MIB xodimi depozitdagi 933 mln soʻmni oʻzlashtirib, onlayn qimorga tikib yubordi
Foto: MIB
Qariyb 1 mlrd soʻmni oʻzlashtirgan MIBning Yunusobod tumani boʻlimi xodimi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 1992 yilda tugʻilgan M.B. 2022 yil 2 dekabrdan 2023 yil 21 iyulga qadar MIBning Shayxontohur tumani boʻlimi depozit boʻyicha mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritgan. U 2023 yil mart oyida ijro hujjati boʻyicha qarzdorning ortiqcha toʻlangan 46 mln soʻm pulini egasiga qaytarmasdan jiyanining plastik kartasiga oʻtkazib olgan.

Bundan tashqari, M.B. 2023 yil 21 iyuldan 27 dekabrga qadar MIBning Yunusobod tumani boʻlimi depozit boʻyicha mutaxassisi lavozimida ishlagan. U bu erda ham qisqa muddatda katta miqdordagi pul mablagʻini oʻzlashtirgan. Ya'ni M.B. jiyani va boshqalar bilan til biriktirib, boʻlim ish yurituvida ijro hujjatlari mavjud boʻlmagan 13 nafar fuqaroning plastik kartasiga depozit hisobraqamdagi qoldiq mablagʻ hisobidan jami 932 mln 986 ming soʻm pul mablagʻini oʻtkazib olgan. Soʻngra esa ushbu pullarni onlayn qimorga tikib, yutqazib qoʻygan.

M.B. sudda aybiga toʻliq iqrorlik bildirgan hamda bu ishlardan MIBning Yunusobod tumani boʻlimi boshligʻi X.T. xabardor boʻlganini aytgan.

46 mln soʻm pulni byuroning Shayxontohur tuman boʻlimiga 2023 yil dekabr oyida toʻliq qaytarganman. Byuroning Yunusobod tumani boʻlimida ishlagan davrimda jiyanim, uning singlisi va boshqa fuqarolarning plastik kartalariga MIB Yunusobod tumani depozit hisobraqamlaridan pul oʻtkazdim. Ushbu pullardan 200 mln soʻmini oʻrtamizdagi kelishuvga asosan 2023 yil oktyabr oyida boʻlim boshligʻi X.T.ga berdim. Qolgan qismini esa elektron qimor oʻyinlariga sarflab yubordim.

Depozit hisobraqamidagi pullar boʻlimda ijro ishi mavjud boʻlmagan 13 nafar fuqaroning plastik kartalariga oʻtkazilgani holatidan faqat X.T.ning xabari bor edi. Boʻlim boshligʻi ushbu pullarni olmaganida men depozit hisobraqamidan pullarni oʻtkaza olmasdim. Chunki asosiy kalit boʻlim boshligʻi X.T.da boʻlgan. Boshqa xodimlarga bu kalitni foydalanish uchun berishi yoki uning kodini aytishi mumkin emasdi
”, degan M.B. oʻz koʻrsatmasida.

Sudda guvoh sifatida soʻralgan X.T. bu ayblovni rad qilgan.

2023 yil 4 sentyabrdan 2024 yil 2 fevralgacha byuroning Yunusobod tumani boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlaganman. Boʻlim depozit hisobraqamlaridagi pul mablagʻlarining maqsadli sarflanishi yuzasidan byuroning Toshkent shahar boshqarmasi hujjatli tekshirishlar boʻlimi tomonidan oʻrganish oʻtkazildi.

Tekshirishda byuroning Yunusobod tumani boʻlimi sobiq depozit boʻyicha mutaxassisi M.B. jami 947,3 mln soʻm mablagʻni boʻlim ish yurituvida ijro hujjati mavjud boʻlmagan 14 nafar fuqaroning plastik kartalariga asossiz ravishda oʻtkazib yuborgani aniqlandi. Bundan mening xabarim yoʻq edi. Ushbu holatni aniqlashim bilan rahbariyatga bildirgi orqali murojaat qilganman. Depozit hisobraqamidagi pul mablagʻlarining ijro ishlari boʻyicha maqsadli sarflanishi boʻlim boshligʻi va depozit boʻyicha mutaxassis tomonidan nazorat qilinishi lozim.

Boʻlim boshligʻi sifatida iqtisodiy bilimga ega emasligim oqibatida mazkur holat kelib chiqqan deb oʻylayman. M.B. menga nisbatan tuhmat qilmoqda, hech qanday 200 mln soʻmni olmaganman. Aksincha, holatni sezib qolganimdan soʻng darhol prokuraturaga oʻzim xabar berganman.

E'tibor berilsa M.B. birinchi pul oʻtkazmasini 2023 yil 4 sentyabr kuni amalga oshirgan. Men 2023 yil 4 sentyabrda MIB Yunusobod tuman boʻlimi boshligʻi etib tayinlangan boʻlsam ham, ish faoliyatimni taxminan 10 sentyabrdan boshlaganman
”, deya ta'kidlagan X.T. koʻrsatmasida.

Sud hukmi bilan M.B. Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a, g” bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilgan. Unga 6,5 yil muddatga muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, moddiy zararni qoplash maqsadida Toshkent shahar prokuraturasi depozit hisobraqamiga topshirilgan 100 mln soʻmni MIBning Yunusobod tumani boʻlimi hisobraqamiga oʻtkazish, M.B.dan boʻlim foydasiga 832 mln 986 ming soʻm moddiy zarar undirish belgilangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yunusobod MIB xodimi depozitdagi 933 mln soʻmni oʻzlashtirib, onlayn qimorga tikib yubordi