14:37 / 29.12.2024
43

Bu Oʻzbekiston sud-huquq tizimiga hurmatsizlik va suverenitetini inkor qilish demakdir

Bu Oʻzbekiston sud-huquq tizimiga hurmatsizlik va suverenitetini inkor qilish demakdir
Oʻzbekistonlik amaldorlar Komil Allamjonov va Dmitriy Liga ikki chechen suiqasdga uringanidan xabar topdik. Bu voqelik oshkor boʻlishi ortidan Checheniston rahbari Ramzan Qodirov oʻzbekistonlik amaldorlarga ular «chechen an'analariga koʻra javob berishi»ni aytib tahdid qildi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uzʼdagi kolonkasida Ramzan Qodirov suveren Oʻzbekistonning ichki ishlariga aralashishdan tiyilishi kerakligi haqida soʻz yuritadi.

Oʻtayotgan 2024 yilning jiddiy voqealaridan biri bu – Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonovga suiqasd boʻldi. Ma'lumki, Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi shu ish bilan bogʻliq ikki chechen shaxsni halqaro qidiruvga berdi. Bular Bislan Rasaev va Shamil Temirxanov. Bu shaxslarga nisbatan, qonunga xilof ravishda Oʻzbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik va oʻqotar qurolning qonunga xilof muomalasi moddalari bilan ayblov e'lon qilinib, qidiruvga berilgan.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov oʻzining Telegram-kanalida ushbu suiqasd boʻyicha yana bayonot bilan chiqdi. Bu – Qodirovning birinchi bayonoti emas. Biron bir tergov ishiga munosabat huquqiy boʻlishi mumkin yoki siyosiy. Bayonot orqali tergov jarayoniga oid ma'lumotlar berilishi mumkin yoki aksincha.

Ramzan Qodirov agar uning huquqiy ongi etarli boʻlganida edi, bunday deyishi kerak edi: “Biz Oʻzbekistonning huquq-tartibot tizimi xolis boʻlishiga umid qilamiz va ishonamiz. Oʻzimiz tomondan Oʻzbekiston huquq-tartibot tizimi bilan hamkorlikka tayyormiz. Qidiruvga berilgan chechenistonlik shaxslarni ushlab, Oʻzbekistonga topshirishga harakat qilamiz. Yoki Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi doirasida Oʻzbekiston huquq-tartibot tizimi bilan hamkorlik qilishga toʻliq tayyormiz”, deyilsa, bu sovuqqon, vazmin va huquqiy pozitsiya boʻlar edi.

Lekin oʻzining chiqishida, Ramzan Qodirov ikki chechen fuqarosi haqida hech narsa demagan. Xuddiki, bu shaxslar umuman bu tergov ishida yoʻqdek.

Aksincha, Qodirovning bayonoti oʻta siyosiy va ehtirosli. U bir betlik matnda “rangli inqiloblar”, “Gʻarb matbuoti”, “axborot zarbalari” haqida yozadi. U oʻzining bayonotida hattoki huquq-tartibot tizimiga, tergov jarayonlariga shubha bildirib, ularning ustidan tekshiruv oʻtkazish kerakligini yozadi. Bunday deyish uchun esa Qodirovda huquqiy asoslar yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas. Huquqiy asos boʻlishi uchun u malakali huquqiy ekspertiza oʻtkazgan boʻlishi kerak edi.

Qodirovning gaplaridan xulosa chiqadiki, xuddi Oʻzbekiston davlatchiligi juda zaif, davlat rahbarlari himoyaga muhtoj, huquq-tartibot tizimi esa mutlaq layoqatsiz va zaif.

Qodirovning mantigʻiga qarang: “bu suiqasdni men qilganim yoʻq, agar qilganimda, amalga oshgan boʻlar edi”. Bu bilan Qodirov “biz bunaqa ishlar bilan shugʻullanmaymiz” demayapti, aksincha, “biz professionallarmiz, bunaqa ishlarni katta mahorat bilan amalga oshiramiz. Bu muvaffaqiyatsizlik boʻlar ekan, demak biz emas”, demoqda. Ya'ni Qodirov oʻzining bu bayonoti bilan “bunday ishlarga aralashmaymiz”, demayapti, balki “aynan mana shu ishga aloqam yoʻq”, demoqchi boʻlyapti. Qiziq mantiq.

Qolaversa, Ramzan Qodirov oʻzining bayonoti oxirida Allamjonov va Liga ochiqdan ochiq tahdid qiladi. Bu tahdid bilan u Oʻzbekiston suveren davlat ekanini, uning fuqarolari Oʻzbekiston himoyasida ekanini inkor etadi. Qolaversa, “chechen an'anasiga koʻra” javob boʻlishi, ya'ni suiqasd tahdidini bildiradi. Oʻzbekiston qonunchiligiga koʻra, har qanday Oʻzbekiston fuqarosini oʻldirish bilan tahdid qilish – eng oliy jinoyat hisoblanadi.

Ramzan Qodirov oʻzini oqlashga urinmoqda, lekin uning aytayotgan gaplari – uning jinoyatga moyil ekanini tasdiqlab bermoqda xolos. Ramzan Qodirov Oʻzbekiston ichki ishlariga aralashishdan tiyilishi kerak va Oʻzbekiston davlati va xalqidan nooʻrin bayonotlari uchun uzr soʻrashi kerak boʻladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat