Men qishni yomon koʻraman. Bolaligimda qishda qiynalganmanmi? Hamma qatori qalin yogʻadigan qorni yaxshi eslayman. Moʻrilaradan chiqib turgan tutunlar, chana toyganlarimiz, jiqqa hoʻl paypoqda ham kasal boʻlmasligimiz, tarnovdan osilib tushgan sumalak – muzni qarsillatib eganlarimiz, qorbobo yasaganlarimiz, qorboʻron oʻynaganlarimiz... Endigina dunyoni idrok etayotgan bola uchun osmondan oq qor emas loy tushsin moʻ'jiza boʻlib koʻrinaveradi, chunki u oʻz nomi bilan bolalik.
Bir tomondan tutayotgan tappini olov oldirish uchun onamning koʻzidan oqqan yoshlar, uyimizdan doimo yongan tappi, koʻmirning hidi kelib turishi, tiqilib bir uyda uxlashimiz, eng birinchi turgan onam to uy isiguncha sovqotishi... oʻylayman oʻsha paytlari onam uchun qish mazza fasl boʻlganmikan?
Onam rahmatlining yoshligini eslayman, oyogʻida tosh kalish bilan muzlab qolgan kranni qaynoq suv quyib eritgani va oʻsha muzday suvda qoʻllarini kuh-kuhlab kir chayganlarini, keyin esa qip-qizarib ketgan oyogʻini pechka oldida isitgani... Pechkaning ustida choy qaynardi, ovqat, sut pishardi, ovqat isitilardi, ba'zan sariyogʻ eritilardi. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Onam sovuqda qizarib ketgan oyoqlarini isitish uchun pechka tagiga tiqqanda, eng kichik ukam onamga yopishgani va onamning qoʻli temir kosadagi sariyoqqa tegib qaynoq yogʻ oyogʻi ustiga jazillab toʻkilgani, onam qishni kuygan oyogʻi bilan amallab oʻtkazgani...
Mart kelishi bilan «endi qorlar erishni boshlaydi tozza qish chakamga(jonimga) tegdi» derdi, oʻsha paytlari bolaligimga borib buni idrok qilmagandirman, ammo hozir hali qish oʻrtalamasdan qishning jonimga tekkanini his qilayapman.
Men Oʻzbekistonning qishini yomon koʻraman. Shaharda yashasam ham, gaz tiqchil boʻlmasada, pechkaga koʻzim achib oʻt qalamasamda yomon koʻraman... Shuncha yil yashab koʻp qavatli uyda ham, yotoqxonada ham, hovlida ham issiqdan yayrab yashamadim. Esimda Chilonzorda toʻqqiz yil yashagan betonli ikki xonali uyimiz eng tepa beshinchi qavat va chekkada boʻlgani uchun hech qachon isimasdi, temir batareykalar ilimiliq boʻlardi. Keyinchalik hovliga koʻchdik.
Kun sovusa gaz pasayib ketishi oddiy holga aylandi. Pasayishi va koʻtarilishi haqida ogohlantirilmaganimiz naq halovatimizni oʻgʻirladi. Agar gazni pasaytirsak yoki tabiiy pasaysa ham oʻchadi, baland qilib qoʻysak markazdan oʻchirilsa va gaz joʻnatilganda yana baland kelib bir pasda gazxonamiz gazga toʻlib portlash va xonalarga tarqalib boʻgʻilish xavfi bor. Shuning uchun uch oy esi dardimiz gazga qarash: koʻtarilib ketmabdimi, pastlab ketmabdimi, oʻchib qolmabdimi?
Va eng xavfsizi kechasi oʻchirib qoʻyib uxlash. Ertalab muzdaygina xonada ishga ketishga tayyorgarlik. Junjikib, to sovuq xonaga moslashguncha... juda noxush holat. Ishga ketishda uyda hech kim qolmagani bois xavfsizlik jihatidan gazni oʻchirib ketamiz. Va yana eng yoqimsizi muzday uyga kirib, muzday kiyimlarni istar-istamas almashtirish. Bolaligimdan nimcha kiyaman, faqat men emas juda koʻpchilik. Shu nimchalar koʻp qavatli uydayam, hovlidayam bir pasga boʻlsada echilmaydi.
Bu nimchalarni yomon koʻraman, noqulay, qoʻpollligi va doim kiyib yurishga majburligim uchun va bu nimchalarimni yaxshi koʻraman, meni sovuq uyimda issiq saqlayotgani uchun.
Men qishni yomon koʻraman. Sababi yogʻingarchilik boshlanishi bilan «Ibrat» mahallasi, Ahmad Yassaviy koʻchasi qishin-yozin oʻrdaklar suzsa boʻladigan koʻlmakka aylanadi. Qor paytida loy aralash kir qora qor kechib yurasiz u koʻchadan... Bunday koʻchalar afsuski juda koʻp yurtimizda.
30 yildan beri asfalt koʻrmagan koʻcha, birovga aytsang ishonmaydi negadir yon-verimizdagi barcha koʻchalar asfalt, top-toza, faqat bizning mahallada shu ahvol, hatto aholi pul yigʻib ham uddasidan chiqolmadi. Ushbu mahallani telegram kanalida faqat bitta mavzu: qachon axlat tashiydigan mashina keladi, svet oʻchdi, gaz oʻchdi, uy sovub ketdi...
Men qishni yomon koʻraman. Chunki qishda is gazidan oilalar oʻlib ketadi. Tasavvur qilapyasizmi, bu yoʻqotishlar azobini tortayotgan tirik qolgan qarindoshlarning...
VVS nashri ma'lumotiga koʻra 2020 yil boshidan to 2023 yil sentyabriga qadar is gazidan zaharlanib halok boʻlgan oʻzbekistonliklar soni 421 taga etibdi. 2024 yilning 26 noyabriga qadar respublika boʻyicha gaz bilan bogʻliq jami 74 ta baxtsiz hodisa sodir boʻlgan. Yaxshiyam qish uch oy.... shu uch oyda shuncha halokat.
Qishning bunday baxtsiz hodisalari bilan bogʻliq deyarli har bir qishloqda mudhish hodisa bor. Odamlar qish haqida eslashsa avloddan avlodga aytib beradigan oʻta qaygʻuli xotiralar sandigʻi bor. Qaysidir yilgi qishni, sovuqni eslash kerak boʻlsa, gazdan portlagan yoki is gazidan oʻlgan butun bir boshli oila bilan bogʻliq voqea ham eslanadi.
Hatto bu qaygʻuli voqealar orasida yangi kelin-kuyovlarning halokati kabi fojealar bor. Masalan 2023 yil yanvarda Kattaqoʻrgʻonning Oltinsoy qishlogʻida bir oylik kelin kuyovlar vafot etgan. Oʻtgan yilning dekabr oyida Toshkent viloyatining Piskent tumanida bir kun oldin toʻylari boʻlib oʻtgan kelin-kuyovning is gazidan vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan. Ya'ni tun yarmida gaz tarmoqdan uzilgan va qayta yoqilgan. Oqibatda, xonaga gaz sizib chiqqan va uyquda boʻlgan kelin-kuyov zaharlanib vafot etgan.
Keyin yana Fargʻonada uch kunlik kelin kuyovlar...
Yurtimdagi is gazi shu qadar vahshiyki... Koʻpchilikning esi dardi qishdan eson-omon chiqish boʻlib qoladi. Faqat men emas, men kabi qanchadan-qancha bedor onalar, bedor bobo-buvilar bor. Oqshomlari boshqa xonalarda uxlayotgan farzandlarining, nevaralarining nafas olishiga quloq soladigan, ustiga yopgan qalin koʻrpalar sal qimirlab qoʻysa, uning ichidagi jon nafas olayotgani quvontirayotganlar. Bizning qozonxonamiz, hammomga yaqin, hatto hammomga kirib qaytib chiqmayotganlar haqidagi xabarlar miyamizning bir chetida turgani uchun oila-a'zolarimizdan biri yuvinishga kirsa hammom eshigi oldiga borib suvning har yoqqa sachrayotganini eshitsak xotirjam boʻlamiz xuddi bu tiriklikdan darakdek tuyuladi...
Hidsiz, rangsiz is gazidan omon qolganlarni yana bir xavf ta'qib qiladi, bu gazning oʻchishi va qayta kelishi, bilmasdan chiroq yoki gugurt yoqsang, bir pasda kulga aylanish... 2023 yilning oxirida Samarqand viloyatida bobo-buvi va ularning voyaga etmagan ikki nabirasi vafot etdi. Bir er-xotin eng yaqin odamlaridan bir kunda ayrildi, ham ota-onasi, ham farzandlari. Fojeani oʻta mudhish deb nomlasak ham mudhish iborasi kamlik qiladi, hatto dahshat soʻzi ham...
Bu fojeani nima deb atashni bilmadim. Ota-onasi va bolalaridan ajralgan erkak yoki ayolning tongi qanday otayapti, kuni qanday oʻtayapti? Portlash xonadon egasining isitish pechini notoʻgʻri oʻt oldirishi oqibatida kelib chiqqan, deb malakalangan. Notoʻgʻri oʻt oldirish katta ehtimol bilan gaz kechasi pasayib oʻchgan va yana ogohlantirilmasdan gaz joʻnatilgan holatlarda roʻy beradi. Oʻylab qolaman mana shunday paytda gazni oʻchirish, pasaytirish, balandlatishga mas'ul xodimlar oʻzlarini qotildek his qilmasmikan?
Xabarlar orasida Samarqand viloyatining Qoʻshrabot tumanida gaz portlashi oqibatida er-xotin va ularning oʻgʻli hamda qizi vafot etgani ham bor. Portlashga xonadonda gaz toʻplanib qolishi va xonadon egasi buni bilmagan holda chiroqni yoqishi sabab boʻlgan... Savol tugʻiladi, nima ular gazni ochib qoʻyib uxlaganmi?
Internetning Google soʻroviga is gazi yoki gaz portlashi degan savolni berishingiz bilan bu sayt xuddi oʻz bagʻriga onlayn qabrni joylashtirgandek koʻrinib ketadi koʻzingizga.
Barcha xabarlar qoʻrqinchli is gazi, tutun ichida qolgan qoʻl, odam kalla suyagiga chizilgan X belgisi
Yana bu qish faslida muzlagan yoʻllarda halokatli avariyalar yuz beradi. Ma'lumotlarga qaraganda aynan yogʻingarchilik va sovuqda yoʻlda halokatlar sodir boʻlishi koʻpayadi...
Men sovuqni yomon koʻraman. Ayniqsa tungi sovuqda, sokin qish paytida koʻrpaga oʻranib yotarkanman, xayolimda qulogʻimga mushuk bolasining yoki kuchukning sovuqdan ayanchli yigʻlayotganidek ovoz eshitiladi, bu ovoz to kunlar isiguncha tinmaydi, ehtimol kun isigach endi uysiz hayvonlar sovqatmaydi, deb oʻzimni oʻzim ovutganim uchun eshitilmayotgandek boʻlar. Oʻzimni ularning oʻrniga qoʻyib koʻraman. Menku uyim sovuq boʻlsayam koʻrpaga oʻranib isinarman. Ammo uysiz hayvonlar-chi?
Va bir kuni xuddi shunday kuchukning gʻingshishiga oʻxshash ovozdan choʻchib uygʻondim. Avvaliga doimo shuni oʻylab yurganim uchun menga shunday tuyulayapti deb oʻyladim. Ammo ovoz endi sekinlasha va ayanchlasha boshladi. Sovuqda oʻrnimdan turish yoqmasa ham ustimga oʻsha qadrdon nimchamni kiyib hovliga chiqdim, darvozani ochdim ne koʻz bilan koʻrayki uyimiz oldidagi suvi yoʻq ariqchada kichkina kuchuk bolasi qalt-qalt titrab yotardi... Uni uyga olib kirib isitdim – iliqroq sut berdim, qalin matoga oʻrab qoʻydim...
Qoʻy, sigir va tovuqdan boshqa barcha hayvonlar uchun Oʻzbekistonda qish naq doʻzaxga aylanadi, sovuq va ochlik tufayli ularning koʻpchiligi oʻlib ham ketadi.
Quyosh boru ammo er muzlagan, sovuq paytlari odamlar doimo takrorlaydigan maqolni koʻp eshitaman: mana shu sovuq eshakni oʻldiradigan sovuq...
Yozda odamlar ishlatib, ishlatib qish kelgach emishni qizgʻanib dalalarda, togʻlarda qoldirilgan qanchadan-qancha eshaklarning sovuqqotib oʻlganini oʻylayman va homuza tortaman.
Mening qishdan koʻnglim qolishiga yana bir sabab... Gullarni men kabi yaxshi koʻradiganlar koʻp va qishda saqlaydigan joyi boʻlmagani uchun ularni boqishdan hafsalasi pir boʻlganlar undan ham koʻp. Har yili bir necha gullarimni qish uchun qurbonliqqa atayman va yozi bilan mehr berib qaralgan gullarimning hayoti shunday yakun topishi har doim ham juda ogʻriqli.
Umuman olganda Oʻzbekistonda qish odamlar uchun ham, hayvonlar uchun ham, gullar, oʻsimliklar va hatto issiqxonasi bor tadbirkor uchun ham halokatli fasl. Bu erning barcha tirik mavjudoti, tirik joni borki, qishda shunchaki yashamaydi, omon qolish haqida oʻylaydi.
Men qishni yanada yomon koʻrib qoldim. Chunki gaz va chiroq uchun limit belgilandi. Bu degani gaz va chiroqdan puling boʻlsagina mazza qilib foydalanasan degani. Aytaylik yaxshi oylik oladiganlarga (Oʻzbekistonda yaxshi oylik oladiganlar oʻzi ma'lum) limit unchalik ham ta'sir oʻtkazmasligi mumkin, lekin oyligi oz aholigi bu juda bilinadi. Aynan koʻp bolali yoki bir xoʻjalikda bir necha jon yashaydigan xonadonlarda bu katta muammo keltirib chiqaradi. Yuqorida aytganimdek oyligi yaxshi aholi qatlamiga bu limitlar bilinmasligi, koʻp pul toʻlasa ham gaz va chiroqni tejamasligi mumkin. Ammo aynan oilada nogironi bor, yosh bolasi bor, qari ota-onasi bor va shu sabablar tufayli ishlashning imkoni yoʻq odamlarga bu oʻlganning ustiga tepgan ya'ni kambagʻalni tuya ustida ham it qopgani shu boʻladi. Ham iqtisodiy qiynalish, ham sovuqdan qiynalish...
Men qish faslini yomon koʻraman... Men noshukr, qanoatsiz yoki negativ, yomonlik qidiruvchi emasman, shunchaki qish faslini yomon koʻrib qolganman...
Barno Sultonova
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Gʻallaorolda yana bir oila yarashtirildi
Teatr va kino aktyori Ravshan Joʻrayev hayotdan koʻz yumdi
Mahrga toʻqqiz xonali uy va Mercedes: ijtimoiy tarmoqlarda muhokama!
«Jasjan» nomi bilan tanilgan bloger 5 sutkaga qamaldi
Toshkent shahridagi «A» yoʻlakda qaysi holatlar uchun jarima yozilmaydi?
Toshkentda gʻaroyib firibgarlik sodir etildi: “Oyi, men avariyaga uchradim”