Foto: Videodan kadr
Bogʻchada bolalarga kobra bilan tomosha koʻrsatilgani toʻgʻrisida xabar berilgandi. Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasining ma'lum qilishicha, holat Piskent tumanidagi 7-sonli bogʻchada sodir boʻlgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalanuvchilarga hozirda noyob, Qizil kitobga kiritilgan Oʻrta Osiyo kobralari bilan tomosha uyushtirilgani va bunda bogʻcha ma'muriyati tomonidan bolalarning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsizlik choralari ta'minlanmagani aks etgan.
Tomoshalar Olmaliq shahar «Kumush diyor» xususiy korxonasi tasarrufidagi «Toshkent» havaskorlik tsirk jamoasi xodimi H.A. tomonidan uyushtirilgan. Mazkur shaxs oʻquv yili avvalida tuman maktabgacha va maktab ta'limi boʻlimiga ta'lim tizimidagi muassasalarga tsirk tomoshalarini namoyish qilish boʻyicha xat va dastur bilan murojaat qilgan. Mas'ullar tomonidan ushbu tomoshalarga ruxsat berilgan.
Namoyishlar dasturida hayvonlar bilan sahna koʻrinishlari koʻrsatilmagan. H.A. 16 yanvar kuni tumandagi 7-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida bolalarning hayoti va sogʻligi uchun xavfli boʻlgan jonzotlar bilan oʻyin koʻrsatgan.
«Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, oʻrganish ishlari olib borildi. Ishchi guruh xulosasi bilan holatga bevosita mas'ul boʻlgan, e'tiborsizlik qilgan shaxslarga nisbatan chora koʻrildi», — deyiladi munosabatda.
Ta'kidlanishicha, ichki ishlar organlari tomonidan ham mazkur holat toʻliq nazoratga olingan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar