22:16 / 24.01.2025
170

Toshkent shahrida yana bir avtosalon rahbari qamoqqa olindi

Toshkent shahrida yana bir avtosalon rahbari qamoqqa olindi
Foto: Google Maps
Toshkent shahridagi “Bilol’s electric motors” MChJ rahbari Bilol Mamajonovga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

2021 yil martda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “Bilol’s electric motors” MChJ avtomobillar va yengil motorli transport vositalari chakana savdosi bilan shugʻullanib kelgan. Unga 100 foizlik ulush bilan Bilol Mamajonov egalik qilgan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvchilarga koʻra, keyingi paytlarda “Bilol’s electric motors” MChJ koʻplab fuqarolar bilan shartnoma tuzib, avtomobillarni belgilangan vaqtda etkazib bermagan. Bundan norozi boʻlgan mijozlarga na mashina berilgan, na toʻlagan pullari qaytarilgan.

Tahririyat holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIBB axborot xizmati bilan bogʻlandi. Boshqarma axborot xizmati Bilol Mamajonov qamoqqa olinganini tasdiqladi.

“Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. MChJ mansabdor shaxsi B.M.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda”, deyiladi boshqarma ma'lumotida.

Shuningdek, “Bilol’s electric motors” MChJdan jabrlangan shaxslar boʻlsa Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasiga murojaat qilishlari mumkinligi bildirildi.

Kun.uz’dagi ma'lumotlarga koʻra, mazkur firmadan jabrlanganlar soni 50 nafarga yaqin. Ularga etkazilgan zarar miqdori hozircha tahririyatga ma'lum emas.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat