
Muhammadqodir Poʻlatov.
Foto: Instagram
15 fevral kuni IIV Jazoni ijro etish departamentining Olmaliq shahridagi 14-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan 21 yoshli mahkum Muhammadqodir Poʻlatovning jasadi chiqdi. Bu haqda Inson huquqlari boʻyicha «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Facebook sahifasida ma'lum qildi.
«Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan mazkur holat boʻyicha marhumning onasi Nigora Qambarova bilan suhbatlashdi.
Nigora Qambarovaning aytishicha, toʻrt qizdan keyin tugʻilgan yagona oʻgʻil farzandi Muhammadqodir Poʻlatov 2024 yilning avgust oyida Fargʻona shahridagi savdo doʻkonlarining birida bezorilik holatiga aralashib qolgan. Tergov jarayonlari toʻrt oy davom etgach, dekabr boshida oʻgʻli uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
«Doʻkonga etkazilgan barcha zararni qopladik. Doʻkon egasi va voqea guvohlari da'voim yoʻq, degan boʻlsa-da, lekin davlat da'vogar boʻldi va oʻgʻlim uch yilga qamaldi. Dekabr boshida Toshkentga olib ketishdi. 10−15 kunlik karantindan soʻng Olmaliqdagi 14-sonli koloniyaga joylashdi. Shu yilning 26 yanvar kuni oʻgʻlimning tugʻilgani kunini birga nishonladik. 24−26 yanvar kunlari uzoq muddatli uchrashuvda boʻldik, uch kun farzandim bilan birga koloniya hududidagi mehmonxonada juda chiroyli yashadik. Oʻsha vaqtda oʻgʻlim sogʻligʻidan umuman shikoyat qilgani yoʻq. 9 yoshidan beri sport bilan shugʻullangani uchun har doim sogʻlom yurardi, kasal boʻlganini umuman eslolmayman. „Yoz oxirlarida ozodlikka chiqsam, toʻyim boʻladi. Ungacha kelin topib turing, hammasi yaxshi boʻladi“, degan edi. Bu oʻgʻlim bilan soʻnggi uchrashuv va suhbatimiz boʻldi. Oʻshandan beri qoʻngʻiroq orqali ham gaplashganimiz yoʻq», — deydi marhumning onasi.
Onaning soʻzlariga koʻra, Muhammadqodir Poʻlatov vafoti haqidagi xabar oila a'zolariga 15 fevral kuni ertalab soat 07:00 larda telefon orqali ma'lum qilingan.
«Oʻgʻlim 14 fevral kuni kasal boʻlgan ekan. Juma kuni kechasi joni uzilgan, deyishdi. Ertalab oʻrnidan turganida koʻngli aynib, qusgan va uni reanimatsiyaga olib borishgan ekan. Nahotki farzandim jonlantirish stoliga yotqizilgan paytda biz, yaqinlariga xabar berish mumkin boʻlmasa? Ekspertizaga olib borib, jasadini yorib, hamma joyini choklab, morgga topshirishganidan soʻng bizni xabardor qilishdi. Shu holatning oʻziyoq menda shubha uygʻotyapti», — deya qoʻshimcha qildi u.
«Fargʻonadan toʻgʻri Toshkentdagi morgga bordik. Oʻgʻlimning jasadini tayyor qilib, oʻrab qoʻyishgan ekan. Oʻsha erda bir ichki ishlar xodimini koʻrdim. U oʻzini koloniya rahbarining oʻrinbosari Bahrom deb tanishtirdi. Aytishicha, farzandim ertalab oʻrnidan turib qusgan, keyin shifoxonaga olib borishgan. „Shaxsiy mashinamda shifoxonaga olib bordim, dori-darmonlarini qilib berdim, qoʻlimdan kelgan hamma narsani qildim. Lekin tungi soat 12 larda oʻgʻlingizni joni uzildi“, deb baribir oʻzini oqladi ichki ishlar xodimi», — deydi Nigora Qambarova.
Onaning ta'kidlashicha, koloniya ma'muriyati unga farzandi miokrad infarki va pankreatitning ogʻir formasi kuzatilishi oqibatida vafot etganini aytgan.
«Oʻgʻlim soppa-sogʻ edi. U qanday qilib oʻz-oʻzidan oʻlib qolishi mumkin? Kichkinaligidan sportga borardi. Kikboksing, boks, taekvondo va aralash jang san'ati bilan shugʻullangan. Koʻplab xalqaro turnirlar gʻolibi boʻlgan. Oʻnlab medallari bor edi. Biror marta sogʻligʻidan shikoyat qilmagan, unda biror yondosh kasalliklar ham kuzatilmagan», — deydi u.
«Farzandim oʻzidan oʻzi shunchaki oʻlib qolishi mumkin emas. Ichki ishlar xodimi aytganidek, oʻgʻlim koloniyada zaharlanib, qusgan boʻlsa, unga qandaydir zaharli dori ichirishgan, degan shubhadaman. Yoki uni qiynab oʻldirishgan. Chunki badanida qiynoq izlari, elektroshoker iziga oʻxshash chiziqlar va koʻkargan joylari bor edi. Oʻgʻlim odam oʻldirmagan boʻlsa, qoʻlida qurol bilan kimgadir jarohat etkazmagan boʻlsa… 21 yosh — hazilakam gap emas, uni bu yoshgacha katta qilish oson boʻlgan deb oʻylaysizmi?», — deydi Nigora opa.
U oʻgʻlining oʻlimi tafsilotlarini aniqlash masalasida «oxirigacha bormoqchi» ekanligini ma'lum qildi. «Boshqa onalarning farzandlari ham ichki ishlar xodimlarining qoʻlida oʻlib ketishini istamayman. Adolat qaror topishiga ishonaman», — deya qoʻshimcha qildi Nigora Qambarova.
«Gazeta.uz» muxbiri ushbu holat yuzasidan izoh olish uchun Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov bilan bogʻlandi. Gʻiyosov IIV bu borada ma'lumot bera olmasligini, mazkur masalada Bosh prokuratura axborot xizmati rasmiy munosabat berishini aytdi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holat oʻrganilayotganini ma'lum qildi.
Ombudsman munosabati
Ma'lum qilinishicha, mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan nazoratga olingan va ayni vaqtda holatga doir ma'lumotlar oʻrganilmoqda.
Ombudsman matbuot xizmatining 14-sonli jazoni ijro etish koloniyasi navbatchilik qismi tomonidan berilgan ma'lumotlarga tayanib ma'lum qilishicha, «14 fevral kuni soat 22:45 da jazo muddatini oʻtayotgan mahkum sogʻligʻida oʻzgarish sezgani sababli koloniya shifokorlariga murojaat qilgan».
«Birinchi tibbiy yordam koʻrsatilganidan soʻng ham uning holati yaxshilanmagani sababli, u Olmaliq shahri markaziy shifoxonasiga yotqizilgan. Biroq koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, mahkum 15 fevral kuni soat 01:00 da shifoxonada gipertoniya va birlamchi yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan», — deyiladi ombudsman axborotida.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat ombudsman xodimlari va Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib oʻrganilmoqda. Shuningdek, ombudsmanning Fargʻona viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila a'zolari bilan uchrashib, ta'ziya bildirgan.
Holat yuzasidan Bosh prokuraturaga ombudsman tomonidan murojaat ham yuborilgan.
Bosh prokuratura izohi
Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi mahkum Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimida vafot etganini ma'lum qildi.
Mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi tomonidan voqea joyi va murda koʻzdan kechirilib, mutasaddi xodimlar va shifokorlardan tushuntirishlar olingan. Oʻlim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi.
Ekspertizaning dastlabki ma'lumotlariga koʻra, oʻlimga yurak ishemik kasalligining oʻtkir shakli, yurak mushaklarida qon ketishi («miokard infarkti») sabab boʻlgan.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar