
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
Afgʻoniston Islom Amirligi bosh vazirning iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari mulla Abdul Gʻani Barodar boshchiligidagi delegatsiyasi Toshkentga keldi. 22 fevral kuni delegatsiya vakillarini Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev, Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev va “Tolibon”ning Oʻzbekistondagi elchisi shayx Abdulgʻaffor Bahr kutib oldi.

Ma'lum qilinishicha, delegatsiya tarkibida “Tolibon”ning bojxona, transport, aviatsiya, qishloq xoʻjaligiga mas'ul vakillari bor. Shu kunning oʻzida Abdul Gʻani Barodar Oxund Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev bilan muzokaralarni boshlagan.
«Suhbat chogʻida ikki tomon savdo-tranzit aloqalarini kengaytirish hamda oʻzbekistonlik investorlarning Afgʻonistonga sarmoya kiritish masalalarini muhokama qildi. Oʻzbekiston tomoni ikki tomonlama savdo aloqalarini kengaytirish maqsadida ikki davlat chegarasida qoʻshma savdo zonasini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Ushbu savdo zonasi qaragʻay yongʻoqlari va paxtani qayta ishlash zavodlarini, qadoqlash va logistika markazlarini, turli oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻlimlarini oʻz ichiga oladi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Jamshid Xoʻjayev oʻzbek sarmoyadorlari Afgʻonistonda neft va gazni qidirish va qazib olishda hamkorlik qilishga hamda sanoat sohasiga, jumladan, Namangan viloyatida tsement zavodini barpo etishga sarmoya kiritishga tayyorligini ma'lum qilgan. Ma'lum boʻlishicha, «Toti Maydon» gaz konini qidirishda sezilarli yutuqlarga erishilgan va qazib olish ishlari tez orada boshlanishi kutilmoqda.
Amirlik tomoni Oʻzbekistonning takliflarini «mamnuniyat bilan kutib olgan hamda ushbu sohalarda har tomonlama hamkorlik qilishiga ishonch bildirdi», deyiladi xabarda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar