
Inson tafakkurining ikki quvvatli kuchi – yaratish va yo‘q qilish – har doim jamiyat rivojida muhim rol o‘ynab kelgan. Eski zamonlardan beri xalqimizda «yo‘qdan bor qiluvchi»lar – cheksiz tafakkur va ijodkorlik egalari bo‘lishgan. Ularning qo‘liga tushgan har bir buyum, har bir ish, har bir g‘oya o‘ziga xos estetik va funksional ahamiyatga ega bo‘lgan.
Ularning hayotiy faoliyatidagi eng muhim jihati – kam resurslardan maksimal foyda olishga intilish, cheklangan imkoniyatlar doirasida yangilik va maroqli narsalarni yaratish bo‘lgan. Masalan, uyidagi bor mahsulotdan mazali yangi taomlar tayyorlash, eski, yaroqsiz va muddatini tugatib bo‘lgan buyumlarni yana boshqacha qo‘llash orqali uy-joyni obodonlashtirish, tosh, g‘isht va tuproqdan chiroyli uy-joy qurish – bularning barchasi «yo‘qdan bor qiluvchi»larning ijodiy salohiyati va iqtisodiy tafakkurini mevasi hisoblanadi. Ular o‘z mehnati va ijodi orqali nafaqat moddiy boylikni yaratgan, balki oila a’zolarini ham ma’nan qanoatlantirgan. Bunday insonlar el-yurtda izzatda va jamiyatda esa katta hurmatga sazovor bo‘lishgan.
Biroq, zamonaviy jamiyatda yangi bir toifa – «borni yo‘q qiluvchi»lar paydo bo‘ldi. Hozirgi, to‘qchilik davridagi farovonlik va moddiy boyliklarning ko‘payishi ko‘pchilikda isrofgarchilik, beparvolik va moddiy boyliklarga e’tiborsizlikni keltirib chiqarayapti.
«Borni yo‘q qiluvchi»lar uchun asosiy narsa – faqat, iste’mol qilish, eski narsalarini yangisiga almashtirish, bugungi kunining rohat-farog‘atiga berilishdir. Ularni eski narsalarni qayta ishlash, tejamkorlik yoki yaratish qiziqtirmaydi. Ular ko‘proq boshqalar yaratgan narsalarni iste’molchisi, bir tomondan jamiyatning iqtisodiy g‘ildiragi yaxshi aylanishi uchun bunday toifa ham kerak.
Ularning psixologik portretida tejamkorlik va aql bilan harakat qilish o‘rniga yuqori darajadagi orzu-havas va ko‘r-ko‘rona iste’molchilik g‘olib keladi. Natijada esa, albatta moddiy boyliklar tezkorlik bilan sarflanadi, chiqindilar miqdori ortib boraveradi va eng achinarlisi ekologik muvozanat ham buziladi.
Bu toifadagi insonlarning psixologik jihatlarini tadqiq qilishda ularning ma’suliyatsizligi, beparvoligi va kelajakka nisbatan befarqligiga e’tibor qaratish juda muhim. Aslida jamiyat rivoji uchun har ikki toifa ham kerak, birini yaxshi va birini yomon desak obyektiv baho bo‘lmagan bo‘lar edi.
Ikki toifaning taqqoslanishida psixologik quyidagi jihatlarni ko‘rish mumkin. «Yo‘qdan bor qiluvchi»larda yaratishga intilish, muammolarni yechishga moyillik va iqtisodiy tafakkuri yuqori darajada bo‘lsa, «borni yo‘q qiluvchi»larda esa tejamkorlik kam uchraydi, ularda qanoatlanish hissi past bo‘ladi, doimo yangi narsaga intilish va eskisiga nisbatan befarqlik kuzatiladi.
Bu ikki toifaning bir-biridan psixologik farqi, asosan ehtiyojlarining tabiatida, mas’uliyat hissida va kelajakka bo‘lgan munosabatlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun ikkala toifa ham muhim deb, bekorga yozmadim. «Yo‘qdan bor qiluvchi»larning ijodi va tejamkorligi jamiyatning rivojlanishiga, «borni yo‘q qiluvchi»larning esa iste’molni rag‘batlantirish va bozor iqtisodiyotining tez aylanishga hissasini qo‘shadi.
Unda muammo nimada, deyapsizmi?!
Muammo, ikkinchi toifaning ortib borayotganligi va birinchi toifaning kamayib borayotganligida, deb o‘ylayman. Albatta, bunga qandaydir aniq statistik raqamlar va ilmiy dallillangan asoslarim yo‘q. Bu kuzatuvlarim orqali kelgan xulosam.
Shuning uchun ta’lim va tarbiya jarayonida tejamkorlik, yaratishga intilish va mas’uliyatni shakllantirishga alohida e’tibor berish zarur. Shunday yondashuv bilan jamiyatning iqtisodiy barqarorligiga, ekologik toza muhitning saqlanishi va rivojlanishiga erishishimiz mumkin.
Madina Miytan, psixolog

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar