
Joriy yilning 27 mart kuni M-25 gaz konidagi 202-sonli quduqda vodorod sulfidining nazorat ostidagi otilishi yuz berdi, deb xabar qilmoqda Energetika vazirligi.
Qayd etilishicha, tabiatga ziyon yetkazmaslik va havo ifloslanishining oldini olish maqsadida quduq yoqib qo‘yilgan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Voqea joyiga zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining brigadasi yetib borgan.
Ishlarni tashkil etish maqsadida Energetika vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tarkibida tashkil etilgan maxsus shtab vakillari ham hodisa joyiga yetib kelgan.
Bildirilishicha, ayni paytda kerakli barcha chora-tadbirlar zarur texnika hamda uskunalardan foydalanilgan holda olib borilmoqda. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan choralar ko‘rilmoqda.
Alohida ta’kidlanishicha, yuzaga kelgan mazkur holat aholi va yaqin atrofdagi hududlarga hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Jarayon Favqulodda vaziyatlar vazirligi, «Sanoatkontexnazorat» davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan to‘liq nazorat ostiga olingan.
Hozirgi vaqtda ushbu vaziyat hamda yong‘inning kelib chiqishi sabablari o‘rganilmoqda.
2024 yil 1 sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan Mustaqillikning 25 yilligi konining "Ko‘lqamish" MFY hududida joylashgan 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilayotgan paytda texnologik jarayonning buzilishi oqibatida vodorod sulfid gazi chiqish holati boshlangandi.
2024 yil 17 sentyabr kuni soat yana 604-sonli quduqning yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi sizib chiqish holati qayd etilganligi ma’lum qilindi. Voqea natijasida 4 kishi vafot etgan, 11 kishi jarohatlangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar