
Foto: IIBB
Ijtimoiy tarmoqlarda Abdulloh nomi bilan tanilgan tiktoker Valeriy Yugay qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB boshlig‘i matbuot kotibi Bobur To‘laganov xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, u 2024 yilning oktyabr–noyabr oylarida Janubiy Koreyada bo‘lgan vaqtida ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali millatlararo nizo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan, milliy qadr-qimmatni tahqirlovchi hamda diniy e’tiqodga ko‘ra fuqarolarni kamsituvchi so‘zlar bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan qator haqoratli chiqishlar qilgan.
Tiktoker joriy yilning 25 mart kuni Abu Dabi-Samarqand reysi orqali O‘zbekistonga keltirilib, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.