
O‘zbekistonda to‘y-marosimlarni o‘tkazish tartibini tartibga solish bo‘yicha yangi loyiha tayyorlanmoqda. Bu haqda Prezidentning «Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan normativ-huquqiy hujjatlar rejasida ma’lum qilingan.
Hujjatga ko‘ra, joriy yilning avgust oyiga qadar mamlakatimizda to‘ylar, oilaviy bayramlar, turli ma’rakalar va boshqa marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish maqsadida parlament palatalari kengashlari tomonidan maxsus qo‘shma qaror qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, yosh avlodda tejamkorlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan yangi mexanizmlar ishlab chiqiladi. Ushbu loyihaning ijrosi uchun Oliy Majlis palatalari, Madaniyat vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul qilib belgilandi.
Eslatib o‘tish joizki, 2018 yil mart oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev hashamatli to‘ylarni keskin tanqid qilib, davlat amaldorlarining ortiqcha dabdabali to‘ylarga borishini qat’iy taqiqlagan edi.
«Hamma bir xil, oddiy to‘y qilsin. Agar birorta rahbar — prokuror bo‘ladimi, soliq inspektori bo‘ladimi, hokim yoki chegarachi bo‘ladimi — belgilangan me’yordan chiqsa, o‘sha kuniyoq qamayman. Vazir yoki bosh vazir o‘rinbosari 500 kishiga mo‘ljallangan dabdabali to‘y qilishga mablag‘ni qayerdan topadi? Bu mablag‘ning tagida o‘g‘rilik yotibdi, hammasini surishtirsak, o‘g‘rilik bo‘lib chiqadi!», — degandi davlat rahbari.
Ushbu yangi loyiha O‘zbekistonda to‘y va marosimlarni o‘tkazish madaniyatini yanada takomillashtirib, isrofgarchilikka chek qo‘yishda muhim o‘rin tutishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar