date
views 83

O‘zbekiston va Novosibirsk turizm aloqalari yangi bosqichga chiqmoqda

O‘zbekiston va Novosibirsk turizm aloqalari yangi bosqichga chiqmoqda
O‘zbekiston va Rossiyaning Novosibirsk viloyati turizm sohasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida yana bir qadam tashladi. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan onlayn uchrashuvda ikki mamlakatning yirik turkompaniyalari, sayyohlik agentliklari va mas’ul tashkilotlar vakillari qatnashdi. Tadbir zamonaviy turizm aloqalarini yanada rivojlantirish, yangi loyihalar ustida hamkorlik qilish va o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Uchrashuvda Novosibirsk viloyati Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, “Mintaqaviy rivojlanish markazi”, viloyat sayyohlik tashkilotlari assotsiatsiyasi vakillari, hudud turoperatorlari, shuningdek, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va mahalliy sayyohlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Novosibirsk viloyati iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, marketing, tashqi iqtisodiy faoliyat va turizm departamenti boshlig‘i Anna Vinnikova ikki mamlakat turizm sanoatidagi hamkorlik imkoniyatlarini alohida ta’kidladi.

Uning fikricha, Novosibirskdan O‘zbekistonga sayohat qilish uchun qulay sharoitlar yaratilgan — haftasiga 10 dan ortiq aviareys amal qiladi, rossiyaliklar uchun turli yo‘nalishlar va qiziqarli sayohat dasturlari taklif etiladi. Ana shunday qulayliklar tufayli Rossiyadan kelayotgan turistlar oqimi yil sayin ortib bormoqda.

Vazir o‘rinbosari, Novosibirsk viloyati bu yil Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lidagi turizm” xalqaro sayyohlik yarmarkasida alohida stend bilan ishtirok etishini ma’lum qildi. Bu esa mintaqa turizm salohiyatini keng namoyon qilishga xizmat qiladi.

Tadbirda tomonlar ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida aloqalarni jadallashtirish, qo‘shma sayohat dasturlarini ishlab chiqish va turistlar almashinuvini yanada ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bilan o‘rtoqlashdilar. Bu sa’y-harakatlar turizm salohiyatini yanada oshirish va ikkala davlat uchun manfaatli loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratadi.

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi vakillari Rossiya mamlakatimiz uchun strategik turizm hamkori ekanini qayd etib, har yili rossiyalik turistlar soni an’anaviy ravishda boshqa xorijiy mehmonlarga nisbatan 1,5-2 barobar ko‘pligini eslatdi.

Rossiya tomoni esa O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari, pensionerlar, o‘quv, ishlab chiqarish va tijorat infoturlari kabi rivojlanayotgan yo‘nalishlarga katta qiziqish bildirdi. Jumladan, avgust oyida Novosibirsklik bolalar uchun mamlakatimizdagi yozgi oromgohlar, pensionerlar uchun esa O‘zbekistonning eng yaxshi shifoxona va kurortlarida dam olish imkoniyatlari taklif etilmoqda.

Shuningdek, rossiyalik hamkorlarga “Ipak yo‘li” Xalqaro turizm va madaniy meros universiteti tomonidan Rossiya talabalari uchun turizm industriyasini chuqur o‘rganishga xizmat qiladigan to‘rtta grant ajratilgani ma’lum qilindi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasida bilim va tajriba almashishni yanada mustahkamlaydi.

Shunday qilib, navbatdagi muloqot O‘zbekiston va Novosibirsk viloyati o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqish arafasida ekanini yana bir bor tasdiqladi. O‘zaro manfaatli loyihalar, qo‘shma dasturlar va yangicha yondashuvlar ikki xalq o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishi shubhasiz.

Foto: "Dunyo" AA
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston va Novosibirsk turizm aloqalari yangi bosqichga chiqmoqda