Toshkentda begona xonadonlarga bostirib kirishga uringan erkak qamaldi

Yunusobod tuman sudida 30 yoshli mahalliy fuqaro begona xonadonlarga kirishga uringani uchun 10 sutkaga ma'muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. U 19 yanvarga o'tar kechasi kuchli mast holatda 11-mavze aholisining eshiklarini tepib-urib, ilgaklaridan uzishga va eshik tutqichlarini sug'urib olishga harakat qilgani aytiladi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Hodisa yarim tundan keyin Yunusobod tumanidagi ko'p qavatli uylardan birida boshlangan. Ish materiallariga ko'ra, u avval bir xonadon eshigini kuch bilan ochmoqchi bo'lgan, oradan bir necha daqiqa o'tib esa qo'shni uyga o'tgan. Shovqindan cho'chigan aholi huquq-tartibot idoralariga qo'ng'iroq qilishini aytgach, u joyidan qochib ketgan. Biroq ko'p o'tmay shaxsi aniqlanib, ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan.
Sud majlisida erkak aybini to'liq tan olgan. U qilmishini spirtli ichimlik ta'siridan "xotira uzilishlari" bo'lgani va oilaviy muammolar bilan izohlagan, pushaymonligini bildirgan hamda eng yengil jazo berishni so'ragan.
Holat Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan baholanib, unga 10 sutkalik ma'muriy qamoq tayinlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!