Mirziyoyev Toshkent huquq-tartibot rahbarlariga qattiq ogohlantirish berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri ichki ishlar tizimidagi ish samaradorligi bo‘yicha tanqidiy xulosa chiqarib, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev hamda Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi Anvar O‘rmonovga hayfsan e’lon qildi. Shu bilan birga, ikki rahbarga olti oylik sinov muddati tayinlandi.
Videoselektor yig‘ilishida poytaxt ichki ishlar tizimida tergovchi va surishtiruvchilar faoliyatida sifat jiddiy past ekani ochiq aytildi. Qayd etilishicha, xodimlar malakasining yetishmasligi sabab o‘tgan yil davomida 833 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmasdan, hisobdan yashirib qolingan. Bu esa rasmiy hisobotlarda ko‘rinmay qolgan muammolar borligini anglatadi.
Yig‘ilishda yana bir muhim jihatga urg‘u berildi: “shaharda jinoyatchilik 2 mingtaga kamaytirildi” degan ma’lumotlar berilayotgan bo‘lsa-da, amalda Toshkentda 26 ta mahalla “qizil”, 465 tasi esa “sariq” toifada qolmoqda. Ya’ni raqamlar ortida vaziyat to‘liq barqarorlashgani sezilmayapti.
Ayrim tumanlardagi manzara esa alohida tashvish uyg‘otgan. Respublikadagi 208 tuman orasida Chilonzor oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik va bezorilik bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Yunusobod bosqinchilik holatlari bo‘yicha birinchi o‘rinda tilga olingan. Shuningdek, o‘tgan yil Yashnobod va Mirobod tumanlarida qotillik, Olmazorda tan jarohati yetkazish, Shayxontohurda esa talonchilik holatlari ko‘p uchragani ta’kidlandi.
Shu sababli, yaqinda mazkur tumanlarning ichki ishlar rahbarlari to‘liq yangilangani bildirildi. Yangi tayinlangan mas’ullardan tashabbuskorlik kutilyapti: hududida jinoyatchilikni jilovlash, profilaktikani kuchaytirish va qisqa muddatda keskin o‘zgarish qilish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda eng keskin tanqidlardan biri rahbarlarning ish uslubiga qaratildi. Jinoyatlarni fosh qilish va oldini olish o‘rniga, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev va shahar prokurori v.b. Anvar O‘rmonov “faqat mikroavtobusda shahar aylanib yurish” bilan band bo‘layotgani aytib o‘tildi. Ya’ni ko‘zbo‘yama monitoring bor, ammo tizimli natija yo‘q, degan ma’noda.
Prezident tomonidan, agar rahbarlar 12 ta tuman hokimi, ichki ishlar boshlig‘i, prokurori, mahalla yettiligi va jamoatchilik bilan bir tan-u bir jon bo‘lib ishlasa, 7,5 mingta jinoyatning oldi olinishi mumkin bo‘lgani qayd etildi. Bu raqam ham mas’ullar uchun aniq mezon sifatida qo‘yildi: imkoniyat bor, resurs bor, faqat ish uslubi va mas’uliyat yetishmayapti.
Yakunda Sultonxo‘jayev va O‘rmonovga hayfsan berildi hamda olti oylik sinov muddati tayinlanishi belgilandi. Endi esa bu muddat “formal hisobotlar” emas, haqiqiy natija, profilaktika va hamjihatlikdagi ish bilan baholanishi kutilyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!