18:59 / 08.04.2017
8 121

O‘zbekistonda noqonuniy “metallolom”chilar qo‘lga olindi


Namangan viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda Uychi tumanining qo‘shni davlatga tutash chegara oldi hududida harakatlanayotgan, ushbu tumanda istiqomat qiluvchi A.Azizov boshqaruvidagi VAZ-21011 rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, avtomashinaning ichki saloni va yukxonasiga respublikamizdan yashirin tarzda olib chiqish maqsadida 10 ta qopda salkam 0.5 tonna latun rangli metall parchalari ortilgani aniqlandi, deya xabar berdi Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmatiga tayanib "Qalampir.uz" nashri.

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Qarshi shahrida harakatlanayotgan “Ford” avtotransport vositalari to‘xtatilib tekshirilganda, ularning birida fuqarolar Sh.Rizoyev va F.Jabborovga tegishli qiymati 5 mln. so‘mlan ortiq 2 tonna 300 kg. og‘irlikdagi mis va latun rangli metall chiqindilari noqonuniy ravishda olib ketilayotgani aniqlandi.

Ikkinchi “Ford”da ham xuddi shunday holat. Ushbu avtotrasport vositasiga ham keyinchalik mamlakatimizdan olib chiqib ketish maqsadi uchun ko‘zlangan 1 tonna 800 kg.dan ortiq mis va latun rangli metall parchalari ortilgan ekan. Qiymati 5 mln. so‘mdan ortiq mazkur tovar-moddiy boyliklar fuqaro J.Jo‘raevga tegishli bo‘lib chiqdi.

“Farg‘ona” chegara-bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan, fuqaro N.Homidov o‘zi boshqaruvidagi “Kamaz” yuk avtomashinasi o‘rnatilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilishdan avval yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida ham, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ham yonida ortiqcha yuklari yo‘qligini ma’lum qiladi.

Ammo, bojxona ko‘rigi davomida ushbu avtotransport vositasi yukxonasida kigiz va yog‘och bilan to‘silgan yashirin bo‘lma tashkil qilingani va unga 1 tonna 400 kg. og‘irlikdagi 176 dona muqaddam foydalanilgan akkumulyatorlar ortilgani aniqlandi.

Xuddi shu usulni qo‘llagan fuqaro B.Jo‘raev salkam 1, 9 tonna og‘irlikdagi 172 dona, M.Tashtanov esa salkam 160 kg. og‘irlikdagi 24 dona akkumulyatorlarni yashirin ravishda olib chiqishga uringan paytda bojxonachilar tomonidan to‘xtatib qolindi.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida istiqomat qiluvchi J.Farmonovning xonadoni amaldagi tartiblarga muvofiq va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilishi natijasida, xonadonda 1 tonna 700 kg.dan ortiq rangli metall parchalari noqonuniy ravishda saqlab kelinayotgani aniqlandi.

Shuningdek, viloyat bojxonachilari fuqaro R.Norov tomonidan “Isuzu” rusumli yuk avtomashinasida noqonuniy ravishda olib ketilayotgan 4 tonna 100 kg.ga yaqin rangli metall parchalarini o‘z vaqtida to‘xtatib qolishdi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning dastlabki choragi mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 42 ta qonunbuzarlik holatida qiymati 52,5 mln. so‘mlik 35 tonnadan ortiq qora va rangli metall parchalarining noqonuniy aylanmasi va olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda noqonuniy “metallolom”chilar qo‘lga olindi