Andijonda xotinini maktabda o‘ldirgan erkakka 19 yil jazo berildi

Andijonda xotinini maktabda o‘ldirgan erkakka 19 yil jazo berildi

Andijon viloyatining Asaka tumanida turmush o‘rtog‘ini maktab binosi ichida pichoqlab o‘ldirgan erkakka nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Sud qaroriga ko‘ra, u 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Sud materiallarida qayd etilishicha, er-xotin o‘rtasida uzoq vaqt davomida oilaviy kelishmovchiliklar davom etgan. Nizolar sabab ayol bir necha marta farzandlarini olib, ota-onasining uyiga ketgan. Erkak esa munosabatlarni saqlab qolish maqsadida o‘zi yashab turgan uyni notarial tartibda turmush o‘rtog‘i nomiga rasmiylashtirib bergan. Biroq bu ham oiladagi ziddiyatlarni bartaraf eta olmagan.

Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, keyinchalik turmush o‘rtog‘i uy o‘z nomida ekanini va uni sotishi mumkinligini aytgan. Erkak bir necha bor ayolini uyga qaytishga ko‘ndirishga uringanini, ammo bu harakatlari natija bermaganini bildirgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, voqea kuni u bozordan kiyim-kechak hamda ro‘zg‘or uchun xo‘jalik pichog‘i xarid qilgan. Keyin onasi qo‘ng‘iroq qilib, turmush o‘rtog‘i uyni xaridorlarga ko‘rsatish uchun kelganini aytgach, u ayol bilan gaplashish maqsadida maktabga yo‘l olgan.

Fojia 27 yanvar kuni soat 15:30 atrofida Asaka tumanidagi maktab binoda sodir bo‘lgan. Maktab koridorida boshlangan suhbat tez orada janjalga aylangan. Natijada erkak o‘zi bilan olib kelgan xo‘jalik pichog‘i bilan ayolga bir necha marta tan jarohati yetkazgan. Og‘ir jarohatlar oqibatida jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.

Sudda bergan ko‘rsatmasida erkak:

«U gaplarimni eshitish o‘rniga yana haqorat qildi. Keyin jahl ustida unga qanday qilib pichoq urganimni bilmayman. Shundan keyin hech narsani eslay olmayman. Ko‘zimni ochganimda shifoxonada edim», — degan.

Hodisadan keyin sudlanuvchi uyiga qaytib, o‘z joniga qasd qilishga uringan. Uni akasi ko‘rib qolib, zudlik bilan shifoxonaga olib borgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tezkor tibbiy yordam tufayli uning hayoti saqlab qolingan.

Sud qaroriga muvofiq, O.U. Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismi «j», «i» va «l» bandlari bilan aybdor deb topilib, 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar