Bektemirda giyohvand moddalarni «zakladka» usulida tarqatgan uch kishi ushlandi

Toshkent shahrining Bektemir tumanida giyohvand moddalarni «zakladka» usulida tarqatish bilan bog‘liq ikki holat aniqlandi. Uch nafar gumonlanuvchi ushlanib, ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, holatlar 1–31 iyul kunlari o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida fosh etilgan.
«Iyk ota» mahallasida xizmat olib borayotgan patrul-post xizmati xodimlari shubhali harakatlangan ikki nafar shaxsni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirgan. Tekshiruv vaqtida ularning yonidan alohida qadoqlangan 43 ta giyohvand modda topilib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Bektemir tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan yana bir tezkor tadbirda boshqa bir shaxs tekshirilgan. Undan 15 ta qadoqlangan giyohvand modda aniqlanib, protsessual tartibda musodara qilingan.
Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Uch nafar gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ichki ishlar vazirligi «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tadbirlari respublika bo‘ylab davom etayotganini ma’lum qildi.































Izohlar 0
…