O‘zbekistonda ish qidirayotganlar soni bir yilda 31,5 foizga oshdi

2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda faol rezyumelar soni 31,5 foizga ko‘payib, 636 mingtaga yetdi. Markaziy bank tahliliga ko‘ra, ish qidirayotganlar sonining tez o‘sishi mehnat bozorida raqobatni kuchaytirmoqda.
Hisobotda so‘nggi choraklarda iqtisodiyotda bandlik barqaror kengayib borayotgani qayd etilgan. Yangi ish o‘rinlarining asosiy qismi xizmat ko‘rsatish sohasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ayniqsa, moliya va sug‘urta, professional va texnik xizmatlar, shuningdek, ma’muriy va yordamchi xizmatlar yo‘nalishlarida bandlik sezilarli oshgan. Markaziy bank bu holatni bozor infratuzilmasi rivojlanayotgani va iqtisodiyotda yangi faoliyat turlariga talab ko‘payishi bilan izohlagan.
Qishloq xo‘jaligida esa bandlik qisqargan. Tahlilda bu mehnat resurslarining boshqa tarmoqlarga o‘tayotgani bilan bog‘langan.
Sanoat va savdo sohalarida ham ish bilan ta’minlanganlar soni barqaror o‘sgan. Bu jarayonda asosiy ulush xususiy sektorga tegishli bo‘lgan. Davlat korxonalarining hissasi ijobiy saqlangan bo‘lsa-da, uning ta’siri nisbatan cheklangan.
2026 yilning yanvar oyida e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni yillik hisobda 4,5 foizga, fevralda esa 6,5 foizga kamaygan. Mart oyida mehnat bozorida faollik qayta tiklanib, 15,4 mingta vakansiya joylashtirilgan. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 9,8 foiz ko‘p.
Ishchi kuchiga eng yuqori talab xizmat ko‘rsatish va chakana savdo sohalarida saqlanib qolgan. Qurilishda talab mavsumiy omillarga bog‘liq bo‘lsa ham, birinchi chorakda bu yo‘nalishda ham ishchilarga ehtiyoj ortgan.
Umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish sohalarida ham mehnat bozori faollashgan. Shunga qaramay, Markaziy bank ishchi kuchi taklifi talabdan ancha tez o‘sib borayotganini qayd etgan.
2025 yil yakunida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,8 foizni tashkil qilgan. 2026 yilning birinchi choragida o‘tkazilgan so‘rovlarda korxonalarning xodim yollash bo‘yicha kutilmalari ijobiy saqlangan.
Xizmatlar va savdo sohasida ishchilar soni oshishini kutayotgan korxonalar ulushi ko‘paygan. Sanoatda esa bandlik bo‘yicha kutilmalar barqaror darajada qolgan.
Yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonda o‘rtacha nominal ish haqi 17,4 foizga, real ish haqi esa 9,5 foizga oshgan. Eng yuqori o‘sish moliya va sug‘urta, transport, tashish va saqlash hamda boshqa xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida qayd etilgan.
Chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida ish haqi nisbatan barqaror sur’atda o‘sgan.
Birinchi chorakda xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,63 million nafarga yetgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 11,6 foiz ko‘p.
Rossiyada patent asosida ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni 1,34 million nafarni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakka nisbatan 8,8 foizga, 2025 yilning shu davriga nisbatan 1,8 foizga kamaygan.
Shu bilan birga, Turkiyada ishlash uchun berilgan rasmiy ruxsatnomalar soni 70 mingtaga yetgan va bir yilda 14 foizga oshgan. Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari soni esa 99,6 ming nafarni tashkil qilgan.































Izohlar 0
…