Qashqadaryoda qaynona zulmiga chiday olmagan kelin o‘z joniga qasd qildi

Qashqadaryoda qaynona zulmiga chiday olmagan kelin o‘z joniga qasd qildi

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida sodir bo‘lgan ayanchli voqea jamoatchilik e’tiborini tortdi. Sud hukmiga ko‘ra, uzoq vaqt davomida qaynonasi tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiqlarga duch kelgan kelin oqibatda o‘z joniga qasd qilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Sud materiallarida qayd etilishicha, 47 yoshli ayol 2022 yildan 2025 yil oktyabriga qadar kelinini muntazam ravishda haqorat qilib kelgan, uni bir necha bor kaltaklagan va uydan haydagan. Shuningdek, turli bahonalar bilan keliniga doimiy ravishda ruhiy bosim o‘tkazib turgani aniqlangan.

Tergov davomida qaynona kelinining ota-onasi bilan muloqot qilishini cheklagani, unga telefondan foydalanishga ruxsat bermagani ham ma’lum bo‘lgan. Ayrim holatlarda esa kelinni sochidan tortib ko‘chaga sudrab chiqqan, yuzi va tanasining turli joylariga zarba berib, tan jarohati yetkazgani qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning 2 oktyabr kuni kelin o‘zi yashagan xonadon hovlisidagi molxonada o‘z joniga qasd qilgan. Tergov xulosasiga ko‘ra, bu qarorga uning uzoq vaqt davomida uchragan jismoniy va ruhiy tazyiqlari sabab bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida ko‘rib chiqilgan ish natijasida qaynona kelinni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazishda aybdor deb topildi.

Sud unga nisbatan Jinoyat kodeksining 103-moddasi ikkinchi qismi «a» bandi hamda 57-moddasi qo‘llanib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Bu ish oiladagi zo‘ravonlik va doimiy ruhiy bosim qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar