Namanganda voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan yigit 5 sutkaga qamaldi

Namangan viloyatining Pop tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan 25 yoshli yigit 5 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda sud hujjatlarida keltirilgan.
Hujjatlarga ko‘ra, voqea 2026 yil 31 yanvar kuni sodir bo‘lgan. O‘sha kuni I.Sh. ismli yigit qizga telefon qilib, uni uchrashuvga taklif qilgan. Qiz rozi bo‘lib, dugonasi bilan To‘raqo‘rg‘on tumani markaziga borgan.
Yigit esa otasiga tegishli avtomobilda do‘sti bilan kelgan. Keyin ular to‘rtovlon Pop tumani tomon yo‘l olishgan. Birozdan so‘ng qizning dugonasi va yigitning do‘sti mashinadan tushib qolgan.
Shundan keyin I.Sh. avtomobilni adirlik hududiga burib, qizni odamlar yo‘q joyga olib borgan. U yerda qizga uylanishini aytib, unga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan.
Sud majlisida yigit aybiga to‘liq iqror bo‘lgan va qilmishidan pushaymonligini bildirgan. Jabrlanuvchi hamda uning onasi unga nisbatan da’volari yo‘qligini ma’lum qilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi I.Sh.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topib, 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan.































Izohlar 0
…