Bir savol o‘ylantirib qoldi. Nega ba’zi qushlar qush bo‘la turib uchishmaydi? Buning sabablarini topish uchun uchmaydigan qushlardan intervyu olishga qaror qildik.
Muzliklar makonida istiqomat qiladigan Pingvinga savol bilan murojaat qildik.
—Siz qush bo‘la turib nega uchmaysiz? Pingvin:
—Eee, biz taraflarda sharoitni o‘zingiz ko‘rib turibsiz, ahvol chatoq, hammayoq muzlik, sovuq, daxshatli darajada sovuq. Na bir daraxtlar, na mevalar borki, ularga uchib borishga bizda ehtiyoj bo‘lsa. Bundan tashqari shunaqa sovuq sharoitda qanday uchish uyoqda tursin, u haqida o‘ylash mumkin? Miyalar ham muzlab qolay deyaptiyu!
Pingvinning sharoit yo‘qligi haqidagi e’tirozlari jo‘yali tuyulsada, «nega suvda suzishga monelik qilmagan shunday sovuq sharoit, uchishga to‘sqinlik qilyapti?» degan savolimizga javob berishdan qochib «ana baliq!» degancha o‘zini suvga otib qochib qoldi.
Keyingi safarimiz chekka hududlardan biri bo‘lgan Avstraliya va Okeaniya hududlari bo‘ldi.
Biz u yerda yana bir uchmas qush — Kivi qushini suhbatga tortdik va tabiiyki unga ham bizni o‘ylantirib kelgan o‘sha savolni berdik: Nima uchun uchmaysiz?Kivi qushi:
—Qanaqa uchish? Avval uchish uchun menga qanot beringlar, so‘ngra savol beringlar. Nega Kenguruga, Sichqonga halta yoki O‘rdakburunga o‘rdakning burnini berishganu menga kelganda qanot berishmagan? Borib shuni hal qilib beringlar undan ko‘ra!
Bu qushdan ham tuzukroq javob ololmadik. Boshqa savol tug‘ildi. Qiziq, u rostan ham qanoti bo‘lmagani uchun uchmasmikan yoki uchmagani uchun ham qanotdan mahrum qilinganmikin?
Yo‘l-yo‘lakay Afrikaga bir uchrab, u yerda yashovchi Tuyaqushni savolga tortdik.
Yana o‘sha savol, nega uchmaysiz?Tuyaqush:
—Avval o‘zlaring mening savolimga javob beringlar, nega Toshbaqa boshqa baqalarga o‘xshab sakramaydi yoki qurillamaydi? Axir u ham baqaku, to‘g‘rimi? Dengiz mushugi nega dengiz sichqonini tutib yemaydi? Demak mening nomimda qush so‘zi bo‘lgani bilan men qushdan ko‘ra Tuyaga yaqinroqman, axir Tuyalar ham uchmaydiku, to‘g‘rimi?
Bu “qush” dan ham savolimizga javob topolmay nari ketdik. Lekin kechagina boshqa bir “nega Tuyaqush bo‘la turib o‘rkachingiz yo‘q?” degan savolga “Echkiemarni biror marta Echki atrofida o‘ralashib yurganini ko‘rganmisiz?” deb savol bilan javob berib qutulib qolganini o‘qigandim. Ha mayli.
Bizni qiynab kelayotgan uchish haqidagi savolga ma’nili javob ololmagach, tushkunlikka tushgancha qaytayotsak, Xo‘rozning qichqirgan ovozi eshitilib qoldi. O‘zini qushmas, balki parranda deb hisoblovchi bu tovuqlardan shu savolimizni avvalroq so‘rash hayolga kelmagan ekan.
Xo‘rozni chekkaroqqa chaqirib savolni yana takrorladik. Xo‘roz xuddi bir sirni aytayotganday u yoq-bu yoqqa qarab oldida, pichirlagancha buyuk «sir»ini ayta boshladi:
—Menga qarang, hashamatli uyangiz bo‘lsa, har kuni suvingiz, doningiz muhayyo qilib turilsa, yetmaganiga keng dala, xohlagancha yer titib qorinni to‘ydirsangiz, (makiyonlari haqida aytgan uzundan-uzoq gaplari qirqib tashlandi), yana nima yetishmaydi yerda? Ana uchgan Chumchuq yo Qarg‘ani ko‘ring. Uchib ovqat topib yegani bilan joni kichik, semirish tugul to‘yish nimaligini bilmaydi…
Bechora Xo‘roz, semirishi o‘zining ajalini tezlatishini qayerdan ham bilardi. Bu gapni unga tushuntirish xuddi kashandani chekishni tashlashga majburlashday gap.
Bu savolga birma-bir yurib javob topishga erinib, savolni shu yerdan hamma uchmas qushlarga berishga qaror qildik: Xo‘sh qushlar, nega uchmaysizlar? Balki sharoit bunga to‘sqinlik qilar? Balki kimlardir aybdordir bunga? Yoki o‘zingizni qush hisoblamassiz? Yoinki uchishga ehtiyojim yo‘q deb o‘ylarsiz?
Lekin bilingki, qush ekansiz, hayotingizda muhimi parvozga xohish, ucha olish ishonch va eng asosiysi uchish uchun yuksak maqsadlar zarur…
Boburmirzo Hamroqulov
Manba: Fayzbog.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...