22:57 / 10.09.2017
7 771

Profilaktika inspektorlari qasamyod qildi

Profilaktika inspektorlari qasamyod qildi
Poytaxtimizdagi Amir Temur haykali yonida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlari o‘zlariga ishonib topshirilgan hududda fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalashga tantanali qasamyod qildi. Tadbirda profilaktika inspektorlariga xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan yangi avtomashinalar kalitlari tantanali topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respubliki Oliy Majlisi palatalari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 20 apreldagi "Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, profilaktika inspektorlariga xizmat uylari berilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 10 apreldagi "Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ichki ishlar organlarini ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish muhim vazifa etib belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev va boshqalar joriy yilning o‘tgan 8 oyida mamlakatimizda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 mingtaga kamaygani, 1,5 ming mahallada esa huquqbuzarlik umuman sodir etilmaganini qayd etdi. O‘zbekiston Respublikasining "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonuni qabul qilingani, o‘tgan davrda davlatimiz rahbari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirishga oid o‘nga yaqin hujjat imzolangani bu borada muhim omil bo‘lmoqda.

– O‘g‘limizning Amir Temur haykali yonida tantanali qasamyod qabul qilishi qalbimizni g‘urur-iftixorga to‘ldirdi, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar bo‘linmasi tayanch punktlaridan birining profilaktika inspektori, kapitan Otabek Umarbekovning otasi Abdurahim Umarbekov. – Farzandimiz Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga o‘qishga kirib, qasamyod qabul qilganida birinchi marta shunday hayajonni tuygan edik. Otabek qasamyodiga albatta sodiq qoladi. O‘zi xizmat qilayotgan hududda xizmat uyi berilganidan so‘ng u mahallaga, xalqqa yanada yaqin bo‘ldi.

"Nuroniy" jamg‘armasining Shayxontohur tumani Olmazor mahallasidagi bo‘linmasiga rahbarlik qilayotgan To‘lqin ota Sharipov ham mahalla profilaktika inspektorini tabriklagani kelgan.

– Leytenant Doniyor Sharofuddinov mahalla ahlining obro‘sini qozonishga harakat qiladi, odamlarning murojaatlarini e’tiborsiz qoldirmaydi, – deydi u. – O‘z navbatida, biz, mahalla fuqarolar yig‘ini faollari profilaktika tadbirlarini o‘tkazishda unga yaqindan ko‘mak bermoqdamiz. Zero, maqsadimiz ham, vazifamiz ham bir – aholi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash.

Yashonobod tumani ichki ishlar boshqarmasi tayanch punktlaridan birida xizmat qilayotgan profilaktika inspektori, kapitan Aktamjon Norqulov kasbdoshlari nomidan xalqimiz osoyishtaligini ishonchli ta’minlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilishini ta’kidladi.

Mamlakatimiz ichki ishlar idoralari tizimini isloh qilish borasidagi keng ko‘lamli ishlar aynan profilaktika inspektorlaridan boshlanganida chuqur ramziy ma’no bor. Zero, jinoyatni tergov qilgandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal. Shu ma’noda, avvalo, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida bartaraf etish, aholining barcha qatlamlari huquqiy madaniyatini oshirish, ularda qonunga hurmat tuyg‘usini yuksaltirish, qonunbuzilishining har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirish orqali huquqbuzarliklar oldi olinishini ta’minlash profilaktika inspektorining bosh vazifasidir.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari O.Murodov, Q.Quronboyev, Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi N.Norboyeva ishtirok etdi.

Manba: uza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Profilaktika inspektorlari qasamyod qildi