Birinchi prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimiz hayotida tutgan o‘rni juda ulkan. O‘tish davrining qiyinchiliklari, o‘zligini topayotgan davlat mafkurasini yaratish, tinchligini saqlash va millatlararo totuvlikni ta’minlash kabi muhim vazifalar bu insonning yelkasiga yuk bo‘lib tushgani, umrining oxiriga qadar bu ishlarni sharaf bilan uddalab o‘tganini tan olishimiz kerak, deb yozadi Kun nashri.
Ammo ota tirikligida sir saqlangan yoki ko‘z yumib turilgan «sir»lar shitob bilan ochila boshladiki, yurtimizning aksariyat fuqarosi bu yangiliklardan hayratda qolmoqda. Keling, ko‘rgan-bilganlarimiz asosida Islom Karimovning vorislari bo‘lgan farzandlarining bugungi hayotiga nazar tashlaymiz.
Lola Karimova
Avvalo, eng og‘ir kunlarda, butun xalq motamga cho‘mgan damlarda otasini so‘nggi yo‘lga kuzatgan, onasiga suyanchiq bo‘lgan Lola Karimova-Tillayevadan boshlasak. Unga har jihatdan og‘ir mas’uliyat tushgandi. Chunki farzandlarning rasmiy va norasmiy yetakchisi bo‘lgan Gulnora Karimova bu paytda katta sahnadan chetlashgan, o‘g‘il farzand bo‘lgan (va keyinchalik rasman e’lon qilingan) Pyotr Karimovning shu paytga qadar ham biror joyda bo‘y ko‘rsatmagani bois bunday muhim pallada maydonga chiqishiga ham ishonish qiyin edi.
Shunday ekan, motam marosimlarida va keyinchalik ham otasini tamsil etish va oila nomidan ish yuritish masalasi farzandlar ichidan faqat Lola Islomovnaga yuklanib qoldi. Bu jarayon keyinchalik ham davom etdi hamda Islom Karimov fondini ishga tushirish, muzeylarini yaratish, umuman birinchi prezident xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha Lola Karimova-Tillayeva ko‘p ishlarni amalga oshirdi va oshirmoqda. Uning oxirgi yangiligi, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi qoldirgan xabari ko‘pchiligimizni hayron qoldirgani, diqqatimizni jalb qilgani ham rost. Unda Lola Islomovna AQSHni, xususan Nyu-Yorkni maqtarkan, so‘z erkinligini his qilganini hamda farzandlari ham shu ne’matdan bahra olib ulg‘ayishini istashini ta’kidlab o‘tgan. Albatta, so‘z erkinligi demokratik jamiyat qurishda, davlat taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi.
Pyotr Karimov
Suratda chap tarafda Pyotr Karimov
Islom Karimovning o‘g‘li Pyotr Karimov haqida rasman e’lon qilingani haqidagi xabar ham yashindek chaqnadi. Albatta, Birinchi prezidentimizning o‘g‘li borligi ham ayrimlar uchun yangilik emasdi. Shunchaki, prezident hayotligida bu masala umuman ko‘tarilmagan va yopiq mavzular qatorida edi. Bunga ikkita sababni ko‘rish mumkin: birinchidan, prezident o‘zi so‘z ochmagan mavzuni muhokama qilish odatlarimizga zid bo‘lsa, ikkinchidan, sharqona odobimizga ko‘ra boshqa oilani, ayniqsa davlat rahbarining shaxsiy hayotini aniq ma’lumotga ega bo‘lmasdan turib munozaraga qo‘yish to‘g‘ri kelmasdi.
Ammo Pyotr Karimov haqidagi uzuq-yuluq xabarlar bolalab turardi. Xususan, uning vaqti-vaqti bilan otasining hurmati uchun yaxshigina imtiyozlar asosida poytaxt shifoxonalarida davolanib turgani, iqtisod sohasidagi faoliyati haqida eshitganmiz. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda uning keyinchalik otasi qabrini ziyorat qilib ketgani to‘g‘risida ham yozildi. Albatta, bu xabarlarni aniq asosga ega deb bo‘lmaydi. Chunki yopiq mavzu bo‘lgani bois tasdiqlash qiyin, ammo endi ochilgan ekan, asosli yangiliklardan ham boxabar bo‘lib qolsak ajab emas.
Bir narsani alohida ta’kidlash kerak: Islom Karimovning o‘g‘li borligi to‘g‘risidagi xabarni olamshumul yangilik sifatida qabul qilish, bundan salbiy jihatlarni izlash, uning nimanidir sir saqlaganini noto‘g‘ri talqin qilish aslo durust emas.
Avvalo, bu Birinchi prezidentimizning shaxsiy hayoti. Oila nimadir sabablarga ko‘ra ajralishi mumkin. O‘g‘li bilan uzilishib ketgan, degan gaplarga ham ishonishga asosimiz yo‘q. Chunki marhum prezidentimiz nafaqat oldingi oilasi, balki qizlari to‘g‘risida ham ko‘p gapirmagan. U insonning omma oldidagi hamma chiqishlari faqat davlat, xalq to‘g‘risida bo‘lganini, shaxsiy masalalarni umuman tilga olmaganini hammamiz yaxshi bilamiz.
Uchinchi va asosiy nuqtaga yetib keldik. Gulnora Karimova…
Bu ism-sharif davlat ijtimoiy hayotida shunchalik ko‘p ishlatilgani bois ko‘pchiligimiz uni qisqagina qilib «Opa» deyishga o‘rganib qolgandik. Keling, bugungi maqolada ham shu qisqartmadan ozroq foydalanib turaylik.
Opaning biznes, xayriya, madaniyat va san’at kabi sohalardagi loyihalari ko‘lami juda keng edi va hatto butun respublikani qamrab olgandi, desak adashmaymiz. Bu loyihalarda poytaxtning va hududlarning eng ko‘zga ko‘ringan insonlari ishtirok etishar, har biriga alohida tayyorgarlik ko‘rilardi. Ba’zan bunday tadbirlar aks-sadosi sarhadlarimizdan oshib, xorijda ham yangrar, dunyoning manaman degan mashhurlari ham Gugushaga o‘z xayrixohliklarini namoyon etardilar. Yillar davomida opamiz diqqat markazida bo‘ldi va bir kunda, bir onda yo‘qolib qoldi.
Bunday keskin burilishga, hammasiga bir lahzada nuqta qo‘yishga faqat bir inson qodir edi. Islom Karimov prinsipidan voz kechmadi, qat’iyati yo‘lida qizini ham ayamadi. Yaxshiki u bu ishlarni hayotligida amalga oshirishga ulgurdi. Aks holda, Gulnora Karimovaning milliardlari masalasi birinchi prezident vafot etganidan keyin ko‘tarilsa va opa shundan so‘ng hibs etilsa, rahbariyat almashinuvidan keyingina bunga qo‘l urilgani uchun malomat qilguvchilar istagancha topilardi. Endi hammasi iz-iziga tushishi, adolat qaror topishi kerak.
Masalaning muhim jihati, balki birinchi prezidentimizning o‘zi Gulnora Karimovaga nisbatan bu qarorga kelmaganida, hozir javobgarlikka tortish masalasi ko‘tarilmasligi ham mumkin edi. Chunki, Islom Karimov faoliyatini e’tirof etish, xotirasini abadiylashtirish jarayoni ketayotgan bir paytda bu aqlga sig‘masdi.
Nima bo‘lganda ham Gulnora Karimova bugun qonun oldida javob berishi shart va shunday bo‘lmoqda ham.
Birinchi prezidentimizning barcha farzandlari o‘z hayot yo‘liga ega. Ularning qaysi biridir qilgan nojo‘ya harakatlari bilan otalarining xalqimiz ongida chuqur o‘rnashgan nufuziga aks ta’sir ko‘rsata olmaydi. Aksincha, ularning har uchalasi ezgu maqsadlari va sa’y-harakatlari ila nafaqat o‘zlarining, balki butun millatning otasiga aylanib ulgurgan insonning nomi uchun naf keltirishlari mumkin. Buning uchun hali imkoniyatlar ko‘p.
Abror Zohidov
Ma’lumot uchun, Gulnora Karimovaning Islom ismli o‘g‘li va Imon ismli qizi, Lola Karimova-Tillayevaning esa Maryam va Safiya ismli qizlari va Umar ismli o‘g‘li bor. Shuningdek, Pyotr Karimovning bir nafar farzandi bor. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi