12:05 / 15.01.2018
8 341

Islom Karimov hazili: “O‘zbekistonni xaritadan topish qiyin emas, chunki..."

Ислом Каримов ҳазили: “Ўзбекистонни харитадан топиш қийин эмас, чунки..."
2016 yilning 2 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning og‘ir xastalik sabab tuyqusdan vafot etishi, xalqni chuqur qayg‘uga soldi. Mamlakat 25 yillik yo‘lboshichisidan ayrildi. O‘zbekiston Respublikasini mustaqillikka olib chiqqan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovga Istiqlolning 25 yillik to‘yini kamol topgan o‘g‘il-qizlari, unga yelkadosh bo‘lishga hozir bo‘lgan xalqi bilan nishonlash nasib etmadi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov hayot bo‘lganida qutlug‘ 80 yoshni qarshilayotgan bo‘lardi.

Prezidentning shaxsiy shifokori, Toshkent tibbiyot akademiyasi anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi professori, Respublika shoshilinch tibbiy yordam o‘quv markazi direktori Vyacheslav Avakov O‘zA muxbiriga Islom Karimov haqidagi xotiralarini bo‘lishdi.

“Yigirma besh yil davomida Islom Karimovday buyuk insonning yonida ishlash baxtiga muyassar bo‘lganimdan xursandman. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bilan 1991 yilning oxiri 1992 yilning boshlaridan tanish bo‘lganman. O‘shanda sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan Prezidentning tibbiyot xizmatini tashkil etish maqsadida jalb etilgan edim. U paytlar bu xizmat mavjud bo‘lmagan. Hatto, Prezident shamollab qolganida ham atrofida unga qaraydigan mutaxassis yo‘q edi. Prezidentning bir daqiqa ham, bir soniya ham yonida tibbiyot xodimisiz bo‘lmasligini ta’minlashga harakat qilardim. Shunday xizmat tashkil etish zarur ediki, kunu tun, uyda ham, ishda ham, hatto yo‘lda ham Prezident va oilasi, uning yonidagi xodimlarning salomatligini nazorat qilish zarur edi. Shifokorlar Prezidentning rafiqasi Tatyana Akbarovna va boshqa oila a’zolari ishtirokida tanlab olinardi. Biz ana shunday tibbiyot xizmatini tashkil etdik.

Albatta, Prezident tibbiyot xizmatiga ko‘p hollarda uning o‘zi emas, balki atrofdagilar murojaat qilardi. Chunki Islom Karimov juda baquvvat va sog‘lom inson edi”.

Vyacheslav Avakov so‘zida davom etar ekan, Islom Karimov, hatto xorijiy safarlarga borganida ham dam olish uchun vaqt ajratmaganiga to‘xtaldi.

“Prezidentimiz o‘ziga mas’uliyatni ko‘p olardi, tinimsiz xorijiy safarlarda bo‘lar va mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatga tanishtirishga intilardi. Bu esa juda mashaqqatli ish bo‘lib, Islom Abdug‘aniyevich esa bu ishni yanada murakkablashtirar edi. Masalan, qaysidir xorijiy davlatga tashrifga doir protokolda bu tashrif uch kunga mo‘ljallangan bo‘lsa, Islom Karimov uni maksimal darajada qisqartirar, rasmiy uchrashuvlar orasidagi tanaffuslarni deyarli o‘chirib tashlar edi. U kishining dam olishi zarurligi haqidagi gaplarimizni keskin rad etardi.

U kishi o‘zini ayamas edi. Chunki u paytlar davr murakkab edi. Mustaqil O‘zbekiston endi o‘zini tiklayotgan, dunyo miqyosida tan olinishiga harakat qilayotgan davlat edi. Xalqaro jamoatchilik Afg‘oniston, Pokistonni bilishini, lekin O‘zbekiston haqida eshitmaganini aytishar, Prezident esa O‘zbekiston – mustaqil, katta salohiyatga ega davlatligini ta’kidlashdan charchamasdi. Tez-tez xorijga safar uyushtirardi.

Esimda, qaysidir yili adashmasam Gollandiyaga borgan edik. Mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvda Islom Karimov O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati haqida juda to‘lqinlanib gapirib, investorlarni jalb etishga harakat qildi. Uning nutqi barchada katta taassurot qoldirdi. O‘sha payt bir tadbirkor kelib, “Siz bilan uchrashishdan oldin xaritadan O‘zbekistonni uzoq qidirdim, lekin topolmadim” deganda, Prezidentimiz “O‘zbekistonni xaritada topish qiyin emas, chunki uning maydoni to‘rtta-beshta Gollandiyaning maydoni bilan barobardir” deya hazil mutoyiba bilan oqilona javob qilgan edi. Bugun O‘zbekistonni dunyo taniydi. Bularning barchasida Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xizmati katta, deb bilaman”.

Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islom Karimov hazili: “O‘zbekistonni xaritadan topish qiyin emas, chunki..."