17:00 / 18.01.2018
6 976

Suriyalik jurnalistning O‘zbekiston haqida maqola yozishiga nima sabab bo‘ldi?

Suriyalik jurnalistning O‘zbekiston haqida maqola yozishiga nima sabab bo‘ldi?
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilari Hindiston Ommaviy kommunikatsiya institutida dunyoning o‘n olti mamlakatidan kelgan yosh jurnalist-tadqiqotchilari uchun O‘zbekiston OAV haqida ochiq dars o‘tkazdilar, deb yozmoqda «Xalq so‘zi» nashri.

Unda o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jurnalistika ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Xususan, ular jahon media makonini O‘zbekiston haqidagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, tarixiy ma’lumotlar bilan yanada boyitishga ko‘proq urg‘u berdilar.

Jumladan, ana shu media makonda faoliyat olib boruvchi kadrlarni yetishtirishga mo‘ljallangan yangi — Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universiteti haqida ham mulohazalar bildirildi. Shundan so‘ng jurnalist-tadqiqotchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi. Keyin mashg‘ulot ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi haqida global axborot makonida mavjud jurnalistik materiallar to‘g‘risida fikr-mulohazalarini bildirdi.

“Men internetdan O‘zbekiston haqida axborot izlaganimda, uning dunyo sivilizatsiyasiga, xususan, Islom madaniyatiga qo‘shgan hissasi hakida o‘qib hayratlandim. Al Buxoriy, Xorazmiy, Beruniy, Zamaxshariy kabi siymolar nomlarining o‘zi bu mamlakat salohiyatining qanchalik yuqori ekanligidan dalolat beradi. Masalan, Xorazmiyning hozirgi zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarining asoschisi ekanligini endi bildim. Bugungi mashg‘ulotdan so‘ng O‘zbekiston haqida birinchi maqolamni yozishga qaror qildim”, — deydi suriyalik jurnalist Rim Ahmad.

Misrlik jurnalist A.Qosimning fikricha, O‘zbekiston haqida xalqaro miqyosda axborot berish muhim, lekin shu axborotni beruvchilar ko‘proq, yani milliy OAVga murojaat etishadi. Shuning uchun mamlakat imijini yaratishda milliy jurnalistikaning o‘rni beqiyos.

Bu kabi fikrlar boshqa davlatlardan kelgan jurnalist-tadqiqotchilar tomonidan ham bildirildi. Ochiq mashg‘ulotda ishtirok etgan institut bosh direktori doktor K.Suresh O‘zbekiston va Hindiston madaniy aloqalari qadimdan mavjudligi va mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.

“Birgina ushbu mashg‘ulotning o‘zida ikki tilga mansub bo‘lgan yigirmadan ortiq so‘zlarni bilib oldim. Masalan, jahon-jaxan, dunyo-dunya, savol-saval, javob-javab, qal’a-kala va hakozolar. Bu bizning tariximiz, madaniyatimiz mushtarak ekanligidan dalolat beradi” — dedi doktor K.Suresh.

Ochiq mashg‘ulot yakunida xorijlik jurnalist-tadqiqotchilar o‘z mamlakatlaridagi OAVda O‘zbekiston haqida maqolalar berib borishni, O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari ularga bu masalada axboriy ko‘mak berib borishiga kelishib olishdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Suriyalik jurnalistning O‘zbekiston haqida maqola yozishiga nima sabab bo‘ldi?