08:31 / 25.02.2018
4 025

Ish kunining zavqli o‘tishi uchun…

Ish kunining zavqli o‘tishi uchun…
Ishda hamisha zo‘r berib ishlash hayotingizni haqiqiy azobga aylantirib yuborishi mumkin. Ziqlik darajasini pasaytirish uchun uning asosiy sabablarini yo‘qotish kerak.

Ziqlikni keltirib chiqaruvchi omillarni yo‘qotishning har doim ham iloji yo‘q. Agar vaziyatga ta’sir o‘tkazishga ojizlik qilsangiz, unga bo‘lgan munosabatingizni o‘zgartirishingiz mumkin. Shunda yashash oson, ishlash yoqimli bo‘ladi.

Bugungi ishni ertaga qo‘ymang!
Ko‘pincha barcha vazifalarga ulgurmaymiz. Bunga qizg‘in ish jadvali hamda topshiriqlarning ko‘pligini bahona qilamiz. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, choy ichish va tamaddi qilishga ham ancha vaqtimiz ketib qoladi. Qolaversa, murakkab va yoqmaydigan ishlarni oxiriga suraveramiz. To‘g‘ri, talabalik davrimizda imtihonlar oldidan ikki kun uxlamay tayyorlanib, ularni “a’lo” bahoga topshirish mumkin edi. Katta hayotda esa bunaqasi ketmaydi. Ish haftasining oxirida horigan otday yugurmaslik uchun vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va bugungi ishni ertaga qoldirmaslikka o‘rganish kerak.

U yoki bu ishni bajarish uchun qancha vaqt ketishini hisoblaganingizda, har doim yuz berishi mumkin bo‘lgan kutilmagan vaziyatlarni hisobga olib, ular uchun 10-30 foiz vaqt qo‘shing. Ish kuningizni qiyin vazifalarni bajarishdan boshlang. Osonroq ishni kun oxiriga, charchagan paytingizga qoldiring. O‘zingiz uchun “Barcha elektron xatlarga javob bermagunimcha, choy ichishni boshlamayman” kabi aniq qoidalarni belgilang.

Zerikish
Bu bitta ish joyida ko‘p yillar ishlab, bir xil vazifalarni bajarib kelayotgan xodimlarning umumiy muammosi. Zerikish bilan kurashish mumkin va shart! Vazifalaringizni qanday xilma-xil qilish to‘g‘risida o‘zingiz o‘ylab ko‘rishingiz kerak. “Gorizontal ish sohasi” degan tushuncha mavjud. U xodimning vakolat va vazifalari doirasini kengaytirish, mas’uliyatini oshirishni ko‘zda tutadi. Amaliyotda bu, masalan, treninglar va o‘rgatuvchi seminarlarni o‘tkazish, korporativ saytda qaydlarni yozish, tadbirlarni tashkil qilishni anglatadi. Yoki boshqa bo‘lim yo kompaniyaning boshqa filialiga o‘tish mumkin. Yangi odamlar, yangi vazifalar, yangi mijozlar bilan zerikishdan asar ham qolmaydi. Masalan, yirik transport kompaniyasining kadrlar bo‘limi xodimasi qo‘pol haydovchilar bilan muloqotdan charchab, ishdan bo‘shash arafasida edi. Uni xalqaro reyslardagi uzoqqa qatnovchi haydovchilar bilan ishlashga o‘tkazishdi. Ular umuman boshqa toifadagi, ancha dunyoqarashi keng haydovchilar bo‘lgani uchunmi, yangi odamlar, yangicha munosabat sababmi, ayol uchun ishlash yana qiziqarli bo‘lib qoldi.

Noqulaylik
Ko‘plab tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, har bir xodim barchaning nazarida bo‘ladigan katta ofislarda ishlashga majbur xodimlar kuchli ziqlikni his qilishadi. Yoki aytaylik, xonaning qorong‘i burchagida o‘tirasiz, konditsioner uradi va doim keluvchilar yoningizdan u yoqdan bu yoqqa o‘taverishadi…

Vaziyatni o‘zgartirish uchun avval ish joyingizni imkon qadar qulay qilishga harakat qiling. Sevimli krujkangiz, farzandlaringizning fotosurati, rang-barang posterlar, yorug‘ lampa — bularning hammasi bo‘shliqni jonlantiradi va shinam qiladi. Qulayroq ish joyini tashkil qilish to‘g‘risida rahbar bilan gaplashing.

Charchoq
Rekrut saytlarining so‘rovlariga ko‘ra, xodimlar noroziligining eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biri — ishning “haddan tashqari ko‘pligi”. Xodim qattiq charchaydi, ta’tilga hali uzoq va umuman undan keyin ham, bir hafta ishlab, u o‘zini xuddi ta’tilga chiqmaganday his qiladi. Charchoqni his qilmaslik uchun ish kuni davomida har bir dam olish imkoniyatidan foydalaning. Tanaffus paytida jimlikda ko‘zlaringizni yumib yolg‘iz o‘tiring, noqulay poyabzalni yechib, nafas gimnastikasini bajaring. Tushlikda ofisdan chiqib, toza havoda nafas oling, shinam qahvaxonada ovqatlaning. Uyga ish olmang. Nimanidir tugatish kerak bo‘lsa, yaxshisi, kechroq keting, ammo ish bilan bog‘liq barcha muammolarni ofisda qoldiring. Ishdan keyin piyoda yuring, do‘konlarni kezing, do‘stingiz yoki dugonangiz bilan gaplashing, tok-shou tomosha qiling — nima qilsangiz ham, ish haqida o‘ylamaslikka harakat qiling.
Jasur ABDURAHMONOV tayyorladi.

Manba: Tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ish kunining zavqli o‘tishi uchun…