09:41 / 03.03.2018
28 520

Baliq ovi ishqibozlari uchun

Baliq ovi ishqibozlari uchun
Yurtimiz hayvonot va o‘simliklar dunyosining boyligi bilan ham jannatmakon joy sanaladi. Xususan, O‘zbekistonda 80 ga yaqin baliq turlari mavjud. Ov mavsumi kuz oylaridan boshlab, mart-aprelgacha davom etadi. Chunki bu davrda suvning harorati 14 darajadan past bo‘lib, baliqlar ortiqcha oziqlanmay, iste’mol uchun yaroqli holga keladi. Yilning qolgan qismi esa baliqlarning urchish davri hisoblanadi. Bu davrda baliq ovlash taqiqlanadi.

Baliq ovlash uchun ruxsatnoma kerakmi?
Baliq ovining turlari juda ko‘p bo‘lib, ularning bari qiziqarli: po‘kakli, donochli, karpli (karp-fishing), fiderli, spinning, trolling va hokazo. Endigina baliq ovlashni boshlaganlar po‘kakli qarmoqdan foydalanganlari ma’qul. Chunki bu to‘rga har qanday turdagi baliq ilinishi mumkin — yirtqichlari ham, xonakilari ham. Qolaversa, baliq ovining bu turi juda oddiy, kishiga zavq va quvvat beradi. Shu bois uzoq yillardan beri baliq ovlash bilan shug‘ullanib kelgan baliqchilar ham po‘kakli qarmoqdan voz kecha olishmaydi.

Respublikamizda baliq ovlash uchun alohida ruxsatnoma talab qilinmaydi. Ruxsatnomalar faqat qo‘riqxonalar, maxsus baliqchilik xo‘jaliklari hududida ov qilish uchun kerak. Agar baliqchi havaskor bo‘lsa, istagan paytida po‘kakli qarmoq bilan ov qilaverishi mumkin.

Qayerda ov qilgan ma’qul?
Respublikamizda mavjud har bir suv havzasi va ko‘llar baliq ovi ishqibozlari uchun bir-biridan ajoyib va qadrli. Ularni bu yaxshi, bu yomon, deyish fikridan yiroqmiz. Lekin ov ishqibozlari uchun ayrimlarini aytib o‘tmasak bo‘lmas. Ma’lumki, Sirdaryo — baliqqa boy daryo hisoblanadi, bahor-kuz oylarida yengil avtomobillar bilan u yerlarga borib bo‘lmaydi. Bu davrda suv sathi bir necha metrga ko‘tarilib, atrof suv bilan qoplanadi. Natijada ko‘lmak va botqoqliklar paydo bo‘ladi.

Toshkent viloyatida esa baliqning yirtqich turlari ham ovlanadi. Masalan, troyegub. U yirik tanali bo‘lgani uchun “kashalot” degan “laqab” ham olgan. Bu baliq “Rohat” ko‘lida, Toshkentdagi Yapon bog‘i suv havzasida ham uchraydi. Ov uchun eng ma’qul joy, shubhasiz, Chorvoq suv ombori. Bu yerda yirik pelyad, zog‘orabaliq, xumbosh baliq (tolstolob) va hatto gulmohi (forel)ham ovlash mumkin. Bo‘zsuv kanalida vazni 6 kilogrammgacha bo‘lgan laqqa baliqlar uchraydi. ToshGRES suv omborida esa 15 kilogrammlik zog‘orabaliqlarni qarmoqqa tutish mumkin.

Unutmang:
  • Hech qachon keragidan ortiq baliq ovlamang.
  • Suv havzasi va atrof-muhitni ifloslantirmang.
  • Baliq ovlash va qayiq boshqarish yo‘riqnomasini diqqat bilan o‘rganib chiqqandan so‘ng, mashg‘ulotni boshlashingiz mumkin.
  • Boshqa baliq ovlovchilarning ham huquqini hurmat qiling.
  • Unutmang, to‘r va elektroqarmoqdan foydalanish baliqlarga qiron keltiradi.

Foydali maslahatlar
* Baliq oviga otlanganda o‘zingiz bilan hech qachon hech qanday baliq mahsulotlari (konservalangan, qovurilgan, dudlangan va hokazo)ni olmang — aks holda qaytishda baliqni do‘kondan olishingizga to‘g‘ri keladi. Chunki ovda faqat qarmoqqa ilingan baliq — sizniki!

*Birinchi baliq qarmoqqa ilinmaguncha maxsus to‘rva xaltani ishlatmang. Shuningdek, ov tugamaguncha ularni yig‘ishtirishga shoshilmang.

Bozordan xarid qiladiganlar uchun

Sifati qanday aniqlanadi?
Bozordan yoki baliq sotiluvchi maxsus do‘konlardan baliq xarid qilayotganda, sifatiga shubha tug‘ilsa, avvalo sotuvchidan baliqchilik xo‘jaligi tomonidan berilgan ruxsatnoma va veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasi xulosasini so‘rang.

Baliqning sifati buzilmasligi uchun, u muzlatgichda yoki muz solingan idishlarda saqlanishi shart. Shuningdek, yangi baliqni jabrasining qizilligi va tiniqligidan bilish mumkin. Eskirgan baliqning jabrasi rangsiz va burishgan bo‘ladi. Agar qiltanog‘i kamroq bo‘lsin desangiz, katta baliqni tanlang. Laqqa, gulmohi va zog‘orabaliqlarning yiriklarida qiltanoqni bemalol ajratish mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Baliq ovi ishqibozlari uchun