15:26 / 22.03.2018
10 361

«Toshkentni titratgan prokuror» tergovda

«Toshkentni titratgan prokuror» tergovda

Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari, «Antibiotik» laqabli adliya maslahatchisi Mirag‘lam Mirzayev va unga yaqin bo‘lgan boshqa prokurorlar ayni vaqtda tergov qilinmoqda. Bu haqdagi xabarlar Bosh prokuratura tomonidan tasdiqlandi.

«Bosh prokuratura tomonidan R.Qodirovga nisbatan o‘tkazilayotgan jinoyat ishi tergovi doirasida Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari M.A.Mirzayev, uning turmush o‘rtog‘i M.X.Mirzayeva, o‘g‘li A.M.Mirzayev ishtirokida juda ko‘p miqdorda pora olish, boshqa mansabdorlik jinoyatlarini sodir etganlik holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu munosabat bilan, agar Siz ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan pora olish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish yoki boshqa jinoiy qilmishlar oqibatida jabrlanuvchi yoki guvoh bo‘lgan bo‘lsangiz, Bosh prokuraturaga ariza bilan murojaat qilishingiz yoki 233-63-33, 236-00-76 telefon raqamlari orqali xabar berishingiz mumkin», deyilgan xabarda.

Fevral oyi oxirida OAVda Rashid Qodirov ko‘rsatmalaridan keyin adliya maslahatchisi Mirag‘lam Mirzayev, uning turmush o‘rtog‘i, «Yunusobod advokatlar kollegiyasi» rahbari Muhabbat Hasanova, ularning o‘g‘li, MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Abdurashid Mirzayev, Mirag‘lam Mirzayevning jiyani (Mir’azam Mirzayevning o‘g‘li), MXX Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uuyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi boshlig‘i Mansur Mirzayev qo‘lga olinib, ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210-moddasi (Pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani aytilgandi.

Mirag‘lam Mirzayev xalq orasida «Toshkentning temir prokurori» deya nom olgan.

Mart oyi boshida Bosh prokuratura Mirzayev sobiq bosh prokuror ishi bo‘yicha ushlanmaganini ma’lum qildi.

«Internet tarmog‘ida O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirovga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Mira’lam Mirzayev va uning oila a’zolari ushlanganligi to‘g‘risida xabar tarqatilgan. Bosh prokuratura ushbu ma’lumot haqiqatga muvofiq emasligini ma’lum qiladi», deyilgandi raddiyada.

Eslatib o‘tamiz, 24 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 221-moddasi tartibida ushlanganligi haqida xabar berilgan edi. Qodirovga nisbatan «Tovlamachilik», «Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish», «Pora olish» moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Shuningdek, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha bosh prokurorning sobiq o‘rinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari bo‘lmish Jamshid Fayziyev va Ulug‘bek Sunnatov ushlangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Toshkentni titratgan prokuror» tergovda