date
views 2 141

Suvga tushganlar kimni «suvdan quruq» chiqarishmoqchi?

Suvga tushganlar kimni «suvdan quruq» chiqarishmoqchi?
Hamkasblarga rahmat, xossatan, Kun.uz saytining muxbirlariga. Ularning sa'y-harakatlari sabab ijtimoiy tarmoqlarni portlatayozgan surat – olti nafar erkakning ariqda tizzasidan suvga botib turgan holatiga oydinlik kirdi.

Voqea Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumanida sodir boʻlgan ekan. “Mahkumlar”ning kimligi ham bilindi: tuman hokimi oʻrinbosari, tuman qishloq va suv xoʻjaliklari boʻlimlari boshliqlari, ikki nafar fermer, mahalla oqsoqoli... Xullas, har biri, qonun tili bilan aytsak, mas'ul, mansabdor shaxslar... Ular nega bunday jazoga mustahiq etilgani sababiyam ma'lum (gʻalla ekilgan maydonlar vaqtida sugʻorilmagan!), biroq “hukm”ni kim chiqargani goʻyoki mavhumligicha qolmoqda. Emishki, tuman hokimi oʻrinbosari, oʻzining aytishicha, fermerlarga jahl qilib, shundoqqina gʻalla maydoni chetida toʻlib-toʻlib oqayotgan ariqni koʻrsatib: “Mana, suv! Nega sugʻormaysan?!” deya (suvga) sakrabdi! Uni koʻrgan aybdorlar ham sekin-asta suvga tushganmish: ixtiyoriy, kiyim-piyimiyu poyabzal-moyabzali bilan...

O-la, demaslikning ilojisi yoʻq: bunaqasini na ertakda, na jinnilar haqidagi latifalarda uchratasiz!

Oʻsha kuni (27 oktyabr) bir hukumat amaldori viloyatning katta-kichik rahbarlari bilan shu tumanga tashrif buyurgani ma'lum. “A'yonlar” orasida viloyat prokuraturasi mas'ullari boʻlgani ham aytilmoqda. Biroq ular, bu “tomosha” koʻrsatilayotgan paytda, oʻsha erda emas, sa-al narida turishgani bois bunday “sadoqat lahzalari”ga guvoh boʻlishdek saodatdan bebahra qolishibdi?! Yoʻqsa, “sadoqat timsoli boʻlgan” oltovlonning peshonasidan choʻlpillatib oʻpib, sen etim emassan, tinchlan, jigarim, yaxshisi, bor, ishtoningni almashtirib kel, dermidi, vallohu a'lam?! Kulgili... Alamlisiki, xoʻrlangan oʻsha rahbar (umuman tuman rahbarlari) oʻzlarini suvga tushirgani ehtimoli katta boʻlgan amaldorni “suvdan quruq chiqarish”ga chiranishmoqda: kurak tugul, tuvakda turmaydigan “asoslar” koʻrsatib...

Bu voqelik xususida koʻp gapirish mumkin. Biroq bundan kimga naf?! Aqlli gaplardan charchadi-ku bu millat! Soʻkongʻichligiyu zoʻravonligi bilan “namuna boʻlayotgan” rahbarlarga nisbatan jiddiy choralar koʻrilmas ekan, bunaqangi sharmandali voqealar qayta roʻy bermasligiga kafolat yoʻq! Millatning asl qiyofasini belgilaydigan omil ikkita: gʻurur va ma'naviyat! Suratda ayni ikki omil oyoqosti qilinganini ilgʻash qiyin emas: Katta Amaldordagi ma'naviyat haminqadarligiyu kichiklarida gʻururning yoʻqligi!

Endi ayting: Oʻzbekistonning xalqaro doiralarda ijobiy imijini shakllantirish borasida katta mashaqqat chekilayotgan bir paytda “ichkarida”, yana deng, hukumat rahbarlaridan biri buning teskarisini qilayotgani, yonidagilar esa tomoshabinlikdan nariga oʻtmayotganini qanday oqlash mumkin?!. Donishmandlar bejiz aytishmagan: yovuzlikning gʻalabasi uchun yaxshilarning loqaydligi kifoya...

Manba: Xabar.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Suvga tushganlar kimni «suvdan quruq» chiqarishmoqchi?