21:39 / 11.02.2019
7 476

“Raqamingizni ayting, hoziroq klik qivoraman”

“Raqamingizni ayting, hoziroq klik qivoraman”
Avtobusda konduktorning shang‘illagan ovozi eshitildi. O‘sha tomonga qaradim. Ko‘rinishidan talaba bir yigit bilan tortishyapti:
– Ertalab shoshilganda cho‘ntakka pul solish esdan chiqibdi.
– Erkak kishi, pulingga qarab keyin chiqsang bo‘lmaydimi?
– Opa, uzr, telefonimda Click bor. Raqamingizni bering, o‘tkazvoraman.
– Klik-mlikingni boshimga uramanmi, pulni to‘la!
Konduktorning oldiga borib, pulni men to‘lab yuborishimni aytdim.
– Yo‘q, o‘zi to‘lasin, bular o‘zi shunaqa. Doim shunaqa qiladi...
Yigit rahmat aytdi. "Raqamingizni ayting, hoziroq klik qivoraman", dedi. Yo‘q dedim.
* * *
O‘zim ham bunaqa holatga tushganman. Yaxshiyamki, konduktor oldimga kelmagan. Do‘stimga qo‘ng‘iroq qilib bekatga pul bilan chiqib turishini so‘raganman. Bir marta yo‘lovchilardan biri mendan chipta uchun naqd pul berib tursam, plastik yoki telefonga o‘tkazib yuborishimni so‘ragan.
* * *
Birinchi marta Turkiyaga borganimda, karta sotib olishni, transport bilan bog‘liq tartib-qoidalarni bilmasdim. Birinchi marta metroga tusharkanman, yo‘lovchilardan jetonni qayerdan sotib olish kerakligini so‘radim. Bir turk yigiti "Kel, kel" dedi-da, plastigini turniketga ikki marta tekizib, o‘taver dedi. Tushunmay, "qardosh, necha pul bo‘ldi?" deb cho‘ntak kovlayotgandim, yigit "kerak emas, sog‘ bo‘l" deb ketib qoldi.

Ikkinchi marta tramvayga tushishda jeton oladigan joy qidirdim. Pul soladigan joyiga o‘n liralik tiqsam, qabul qilmadi. Nima qilay ekan, deb tursam, bir o‘rta yoshli kishi keldi-da, "yur, qardoshim" deb plastigidan o‘tkazib yubordi. Unga rahmat aytib, "pulingizni to‘lay" degandim, "yo‘q, duo qilib qo‘ysang bo‘ldi" dedi. Boshqacha bo‘lib ketdim.

Keyin o‘zim ham transport plastik kartasidan sotib oldim. Bir marta avtobusda menga ham bir talaba murojaat qildi. Kartasida pul qolmagan ekan, to‘lab yubordim.

Bu tabiiy holat, janjal yo‘q, to‘polon yo‘q. Hamma xursand. Yuqoridagi voqeadan so‘ng shu yodimga tushgandi.
Davronbek TOJIALIYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Raqamingizni ayting, hoziroq klik qivoraman”