12:33 / 14.01.2020
3 019

Adliya vazirligi «Erk» partiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilganini ma’lum qildi

Adliya vazirligi «Erk» partiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilganini ma’lum qildi
Foto: «Ozodlik»
10 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bosh kotib Otanazar Oripov boshchiligidagi «Erk» muxolifat partiyasi vakillarini qabul qilgan. Bu haqda «Daryo» nashri xabar berdi.

Avval «Ozodlik» radiosi uchrashuv o‘tkazilishi haqida xabar tarqatgandi. Otanazar Oripov bilan birga A’zam Turg‘unov, Salovat Umrzoqov, Hamidulla Nurmatov va Sanjarali Imomov ham vazir qabulida bo‘ldi.

Adliya vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bir guruh fuqarolar vazirlikka «Erk» partiyasi faoliyatini qayta tiklash yuzasidan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha murojaat yo‘llagan. Adliya vaziri ularni fuqarolarni qabul qilish jadvaliga muvofiq (haftaning har jum kuni) 10 yanvar sanasida qabul qilgan.

A’zam Turg‘unov «Ozodlik» nashriga bergan intervyusida Ruslanbek Davletovning guruh fikrlarini diqqat bilan tinglagani, biroq uchrashuv davomida qabulda bo‘lganlarga partiya haqida unutishni tavsiya etganini bildirgan.

«U bu partiya o‘tmishda qoldi, endi uni unuting. «Erk» demokratik partiyasining Ustavi 1991 yil 3 sentabrda Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bugungi kunga qadar partiya bo‘yicha sud qarori yoki uning yopilgan yo faoliyatini to‘xatgani haqidagi boshqa huquqiy hujjat mavjud emas. Shu tufayli Adliya vaziridan partiya faoliyatini davom ettirishimiz uchun ko‘mak so‘radik. Biroq vazir 1991 yilda qabul qilingan hujjat o‘z kuchini yo‘qotganini bildirdi. Eng muhimi hukumat hamda muxolifat o‘rtasida muloqotning qayta tiklangani. Men ushbu muloqotning qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlayman. Adliya vaziri oxirgi marta 1997 yilda «Erk» rahbariyati bilan uchrashgandi», — deydi A’zam Turg‘unov.

Adliya vazirligi axborot xizmatining qayd etishicha, Ruslanbek Davletov O‘zbekiston hududida «Erk» degan partiya mavjud emasligi va uning faoliyatini qayta tiklashga qonuniy asos ham yo‘qligini bildirgan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muhammad al Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda siyosiy muxolifat haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashgandi.

«Men Prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman, lekin u o‘zimizda shakllanishi uchun muhit yaratish kerak, toki u odamlar xalqning muammolarini bilsin, muammolarni xalq bilan yengib o‘tsin, shu yerda suv ichib, shu yerda non yesin», — degan prezident.

Senat raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev sun’iy yaratilgan muxolifat partiyasidan foyda yo‘qligini aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eng asosiysi bunday partiyalar yasama emas, haqiqiy bo‘lishi kerak.

Shuningdek MSK raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomov ham 22 dekabrda o‘tgan Oliy majlis hamda hududiy kengashlar deputatligi uchun saylovlar vaqtida xalqaro kuzativchilarning mamlakatda muxolifat partiya yo‘qligi yuzasidan bildirgan tanqidiga shunday javob qaytargandi.

«Biz muxolif partiyaning paydo bo‘lishiga umid qilayapmiz, sababi muxolifatsiz jamiyatda fikrlar qarama-qarshiligi bo‘lmaydi. Biz xolis muxolifat paydo bo‘lishi tarafdorimiz va O‘zbekiston qonunlarida yangi partiyalar tuzish yuzasidan hech qanday taqiq yo‘q», – deya ta’kidlagan Abdusalomov.

2018 yil aprel oyida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev O‘zbekistonda siyosiy muxolifatga aylanishi mumkin bo‘lgan qora kuchlar shakllanayotganini bildirgandi.

«Erk» va «Birlik» nodavlat muxolif partiya hamda harakatlari Adliya vazirligiga murojaat yo‘llagani haqida ma’lumotga egamiz. Ularning asosiy maqsadi bugun o‘z faoliyatini qonuniylashtirib, ertaga mamlakatimiz tinchligiga rahna solish», — deya ta’kidlagan DXX sobiq raisi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vazirligi «Erk» partiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilganini ma’lum qildi