date
views 3 990

Bahor asli nimadan boshlanadi?

Bahor asli nimadan boshlanadi?
Bahorni negadir chaqaloqning ilk nimtabassumiga o‘xshataman.Aslida ham shunday emasmi?! Chunki,chaqaloqlik inson umr niholining kurtagi bo‘lsa, bahor tabiatning qayta tug‘ilishidir. Yana u bolalik orzusi, samolarga oshiqayotgan varrakning parvozi, nuroniy keksalarimiz dili va tilidagi shukronalik, eriyotgan muzliklar-u jo‘shayotgan ishtiyoqlar nafasi , tabiat va borliqning pok-pokiza yuziga o‘xshaydi.

Xo‘sh... bahor o‘zi qanday boshlanadi ?

Bahor boychechakdan boshlanadi! Boychechak bahor kelganini aytishga shunchalik shoshadiki ,qor tagidan mo‘ralab , uni yorib chiqib , quyosh tomon oshiqadi va butun olamga ko‘klam kelganini jar soladi!Quyosh ham uning jasoratiga qoyil qolib , goh ochiq osmondan, gohida quyuq bulutlar orasidan mehr bilan nurini sochadi.Tez orada qish qilichlari — sumalaklar tomchi-tomchi yosh to‘kadi! Ammo ularning-da hayoti tugamaydi. Shoshqin jilg‘a, soy suvlariga qo‘shilib, toshdan toshga urilib, yashnatuvchilik xizmatiga shoshiladi.So‘ngra bodroqdek bodom gullaridan so‘ng birin-ketin o‘rik,olchayu giloslar quvlashib daraxt-gulzorga aylanadi, har biri go‘yoki quvonch ko‘zlarini ochadi!

Qaldirg‘och ovozini ko‘klam madhiyasiga qiyoslayman. U bu betakror musiqasini o‘zi qo‘nalg‘a qilgan uyga sevinch-la yetkazadi!

Qalblarni oshiqtiruvchi va yashartiruvchi bahorning iliq , samimiy va xushbo‘y yellari borliqni o‘yg‘otadi! Maysalar avval erinchoqlik bilan keyin esa g‘ayratla bo‘y ko‘rsata boshlaydi...

... Va yana bir bor ona tabiat yoshlik va go‘zallik deb atalmish eng buyuk suratini chizadi!

Ma’rifat ISKANDAROVA.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bahor asli nimadan boshlanadi?