
Aksariyat postlarimga kommentlarni ko‘rsam, mushtariylarimiz «rivojlanishimiz uchun odamlar o‘zgarishi kerak, ongimiz o‘zgarishi kerak» deyishadi. Qo‘shilaman bu gapga.
Ammo ong o‘zidan-o‘zi o‘zgarib qolmaydi, u bolalikdan shakllanadi. «Qush uyasida ko‘rganini qiladi», deb bejiz aytishmagan ota-bobolarimiz.
Bolalar tug‘ilmasidan poraxo‘rlikni ko‘radi — akusher-ginekolog cho‘tntagiga qistiriladi. Bog‘chaga borish uchun «zavedushchiy»ning ko‘ngli olinadi, 8 martda bog‘chapasiga sovg‘a beriladi. Keyin maktab, keyin institut. Institutda bola yetuk «gaplashuvchi», «kelishuvchi»ga aylanadi, domalalar bilan savdolashishni o‘rganadi.
Ota-onasi «pora olma, pora berma, halol bo‘l» deydi. Otasi halol ishlab, shaldiroq «Matiz»da yurishini ko‘radi, keyin «organ»da ishlaydigan qo‘shnisi, maktabni zo‘rg‘a bitirgan, ammo tili burro og‘aynisi, oshlarda doim to‘rga o‘tqiziladigan «kattakon» mahalladoshi bilan solishtiradi.
Boshqalar svetoforning qizil chirog‘ida turganida allambalo mashinalar qonunga tupurgan holda o‘tib ketyapti. Birovni urib ketsa, jazodan qutulib qolyapti. Kerak bo‘lsa, o‘ziga qaror-u, farmonlar chiqartirib olyapti.
Shularni ko‘rgan bola qaysi yo‘lni tanlaydi? Javob oddiy. Anuv kuni aytganimdek, hozir halol bo‘lish, qonunga itoat etish «nevigodniy».
Bolalarni, yoshlarni mana shu «porochniy krug» (buzuq girdob bo‘ladimi?)dan chiqarib yuborish kerak. To‘g‘ri yo‘l qanday bo‘lishini ko‘rsatish kerak. Korrupsiyasiz hayot borligini, halol bo‘la turib ham boy bo‘lish mumkinligini namoyon qilish kerak.
Qanday qilib? Buning uchun ota-onalar kuch sarflashi kerakmikin? Maktabda olmagan bilimlarini o‘rgatishi, internetda foydali ma’lumotlarni topish va ulardan foydalanishni ko‘rsatishi kerak. Ularni chet elga (Rossiya yoki unga o‘xshagan chirigan davlatlarga emas), Yevropa (sharqiy Yevropa bo‘lsa ham), Koreya, AQSH va shunga o‘xshash davlatlarga bir oyginaga bo‘lsa ham yuborish kerak deb o‘ylayman.
Albatta, bu kuch va mablag‘ talab etadi. Albatta, bu hammagayam yordam bermaydi. Lekin nimadir qilib bo‘lsayam mana shu zaharli girdobdan chiqarib yuborish kerak bolalarni.
Adashyapmanmi? Qarigan cholga o‘xshab valdirab qoldimmi? Siz nima deb o‘ylaysiz?
Farhod Fayzullayev,
jurnalist
jurnalist
Manba: @zabarakning_oqi “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar