date
views 2 953

«Koronavirus bilan kurashda O‘zbekiston tajribasini boshqa davlatlarda ham joriy etsa arziydi» – xitoylik ekspertlar

«Koronavirus bilan kurashda O‘zbekiston tajribasini boshqa davlatlarda ham joriy etsa arziydi» – xitoylik ekspertlar
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Koronavirusni davolash, nazorat va profilaktika qilish masalasida hamkorlik uchun O‘zbekistonga kelgan xitoylik mutaxassislar mamlakatdagi vaziyat bilan tanishib chiqmoqda. Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonning koronavirus bilan kurash tajribasi boshqa davlatlarda ham joriy etishga arziydi.

Bu haqida 21 aprel kuni o‘tkazilgan brifingda koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibulla Oqilov ma’lumot berdi.

Epidemiolog, virusolog, pulmanolog, terapevt, xirurg va infeksionistlardan iborat bo‘lgan 15 kishilik Xitoy tibbiy brigadasi O‘zbekistonda virusga qarshi ko‘rilayotgan choralar bilan tanishdi.

Ular koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar davolanayotgan barcha klinikalarda bo‘lishdi. Xususan, O‘rta Chirchiqdagi 20 ming kishini sig‘diruvchi karantin shaharchasi, Zangiotada qurilayotgan 10 ming kishilik davolash klinikasidagi vaziyatni borib o‘rganishdi.

Ekspertlarning bir guruhi Samarqand shahrida, yana bir guruhi vodiy viloyatlarida bo‘lib, bemorlar virusdan davolanayotgan klinikalar faoliyati bilan tanishdi.

Hozirda mutaxassislarning bir qismi respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tashkil etilgan og‘ir kasallarni davolash bo‘yicha konsultatsiya shtabida ishlamoqda. Ular og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolash usullari bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berib borishyapti.

Shuningdek, respublikadagi barcha klinikalarda davolanayotgan og‘ir bemorlar uchun telekonsultatsiyalar ham berib borilyapti
”, deydi Habibulla Oqilov.

Shtab vakiliga ko‘ra, xitoylik mutaxassislar O‘zbekistonda koronavirusga qarshi olib borilayotgan choralarni ijobiy baholagan.
O‘zbek mutaxassislarining koronavirusga qarshi kurash tajribasini o‘rganish va boshqa mamlakatlarda ham joriy etishga arzishini xitoylik hamkorlar qayd etib o‘tdi”, deya qo‘shimcha qildi Habibulla Oqilov.

Eslatib o‘tamiz, 17 aprel kuni Xitoyda epidemiyaga qarshi kurashda ishtirok etgan tajribali shifokorlarning bir guruhi O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun yetib kelgan edi. Mazkur tibbiy guruh Xitoyning Nanchan shahri (Szyansi provinsiyasining ma’muriy markazi)dan kelgan bo‘lib, ushbu provinsiya Xubey provinsiyasi (koronavirus tarqalishining epidemik markazi) bilan chegaradosh va tuzalib ketgan bemorlar soni bo‘yicha Xitoyda birinchi o‘rinda turadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Koronavirus bilan kurashda O‘zbekiston tajribasini boshqa davlatlarda ham joriy etsa arziydi» – xitoylik ekspertlar