
Kadr: Telegram
Sardoba suv omborida 1 may kuni tong soat 5:55 da yuz bergan avariya holati — texnogen hodisa. Bu haqda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Vohidjon Ahmadjonov «Xabar.uz» nashriga bergan intervyusida ta’kidlab o‘tdi.
Ahmadjonovning ta’kidlashicha, vazirlik huzurida «Davsuvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi mavjud, bu tashkilot O‘zbekistonda mavjud barcha yirik suv inshootlarining texnik holatini tekshirib turish vazifasini bajaradi.
«Agar suv omborlarida biror kamchilik aniqlansa, tegishli tashkilotlarga ma’lum qilinadi. Inspeksiya qoshida diagnostika markazi bor, u yirik suv inshootlarini har besh yilda tekshirib, xavfsizlik deklaratsiyasi qabul qiladi», — dedi u.
Avvalroq Sardoba suv omboridagi avariyaga, mutaxassislar fikricha, kuchli yomg‘ir va shamol sabab bo‘lganini ma’lum qilingan edi (aynan qaysi mutaxassislar shunday xulosaga kelgani aytilmagan). Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari ham bu fikrni ma’qulladi.
«Sardobadagi hodisa, mutaxassislar aytganidek, kuchli yomg‘ir va shamol natijasida vujudga kelgan to‘lqin loyihaviy rejadan ortiq bo‘lishi natijasida kelib chiqqan. Bu texnogen hodisa deyiladi», — dedi Vohidjon Ahmadjonov.
Sirdaryo viloyatida 1 may kuni tongda Sardoba suv ombori to‘g‘oni piketlaridan birining yorilib ketishi oqibatida suv toshqini yuz bergan; 2 may tongi holatiga ko‘ra 70 mingga yaqin aholi xavfsiz hududga ko‘chirilgan, kamida 56 kishi turli tan jarohatlari bilan kasalxonalarga yotqizilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar