18:30 / 09.02.2021
865

AQSHdan kelgan 27 mehmon vazir va elchi tomonidan izzat-hurmat bilan kutib olindi

AQSHdan kelgan 27 mehmon vazir va elchi tomonidan izzat-hurmat bilan kutib olindi
Foto: AQSH elchixonasi
O‘zbekiston xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov va AQSHning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum okeanortidan kelgan mehmonlarni izzat-hurmat bilan kutib olishdi. AQSHdan tashrif buyurgan 27 nafar mehmon ingliz tili o‘qituvchilari va olimlar bo‘lib, ular O‘zbekiston bo‘ylab maktab va universitetlarda dars beradilar.

AQSH elchixonasi matbuoti xizmati xabariga ko‘ra, maʼrifat ahlini kutib olish marosimi Toshkent shahridagi 295-maktabda bo‘lib o‘tdi. Yanvar oyida kelgan va ikki haftalik karantin davrini tamomlagan guruh koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan AQSH almashinuv ishtirokchilarining birinchi guruhidir.

«Sizlarni bu yerda kutib olib, ushbu marosimni O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda nishonlayotganimizdan bag‘oyatda xursandman. Sizlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, ingliz tilini xorijiy til sifatida o‘qitish, ilmiy tadqiqotlar va pedagogika bo‘yicha mutaxassisligingizni o‘zbekistonlik hamkasblaringiz bilan baham ko‘rish uchun muhim safarga otlandingiz. Har biringiz mamlakat bo‘ylab sinfxonalarda va taʼlim muassasalarida muhim ahamiyatga molik ishlarga poydevor bo‘lib xizmat qilasiz. Ingliz tilida so‘zlashuvchi mutaxassis sifatida sizlar hukumatlarimizning ingliz tilida ravon so‘zlashuvchi bitiruvchilarni ko‘paytirish va O‘zbekiston yoshlarining taʼlimga oid hamda iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun birgalikdagi maqsadlarimizga katta hissa qo‘shasiz», – dedi elchi Rozenblyum o‘z tabrik nutqida.

Mezbon tomon vakili – Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov ham o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

«O‘zbekiston prezidenti parlamentga qilgan murojaatida chet tillarini o‘rganishni bu yilgi ustuvor vazifalardan biri, deya taʼkidladi. Shu bois joylarda ingliz tilini o‘rgatishni yana-da yaxshilashga ko‘maklashishi uchun biz AQSHdan mutaxassislarni taklif etdik. Bu bizga yuqori maqsadlarga ega «English Speaking Nation» loyihamizni amalga oshirishda yaqindan yordam beradi», – dedi vazir.

O‘qituvchilarning aksari mahalliy o‘qituvchilar safiga qo‘shilib, sinfxonalardagi darslarda bevosita ishtirok etadi. Guruhdagi yetti kishi esa «English Speaking Nation” dasturi doirasidagi “Murabbiy-trenerlar” nomli tajriba loyihada qatnashadi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston o‘rta makatablaridagi chet tili o‘qituvchilariga kasbiy rivojlanish va malaka oshirishda amaliy yordam berishdan iborat. Ushbu dasturni AQSH elchixonasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi granti asosida Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda Amerika kengashlari amalga oshiradi.

Amerikalik va o‘zbekistonlik pedagoglar bugun tavallud sanasi nishonlanayotgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy xotirasiga ham hurmat bajo keltirishdi.

AQSHlik muallimlar 10 fevraldanoq O‘zbekiston maktablarga yo‘l olishadi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil may oyida Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida taʼlim bo‘yicha ikkita kelishuvga erishilgan. AQSH Davlat departamentining yuqori martabali mulozimi Elis Uells hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov imzolagan hujjatlarda Qo‘shma Shtatlar oliy o‘quv yurtlari hamda Markaziy Osiyo universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish uchun moliyaviy ko‘mak dasturlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Avval xabar berganimizdek, 2020 yil 28 sentyabr kuni ikki mamlakat o‘rtasida taʼlim taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha muhim kelishuv imzolangan. Kelishuvga ko‘ra, AQSH hukumati kelgusi besh yil davomida mamlakatimiz taʼlim tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million dollar mablag‘ ajratadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)