date
views 2 426

«Bundan buyon O‘zbekistonda biror-bir ayol davlat va jamiyatning e’tiboridan chetda qolmaydi» – Prezident

«Bundan buyon O‘zbekistonda biror-bir ayol davlat va jamiyatning e’tiboridan chetda qolmaydi» – Prezident
Oxirgi 3 oyda «ayollar daftari»ga kiritilgan 80 ming nafar xotin-qizning muammolari hal etildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir ayollarning 32 ming nafari ish bilan ta’minlandi. Bu haqda ayni paytda Toshkent shahridagi Kongress-xollda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanali marosimda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda «Daryo».

«So‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan, vertikal tizim yaratilayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Xabarlaringiz bor, joriy yilning 26 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda ana shu tizim asosida amalga oshirilgan ishlar va oldimizda turgan rejalarni atroflicha muhokama qilgan edik. Ana shu muhim vazifalarni amalga oshirishda siz, hurmatli opa-singillarimiz bundan buyon ham faol ishtirok etasizlar, deb ishonaman.

Keyingi vaqtda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rahbariyati boshchiligida Respublika ishchi guruhi tuzilib, barcha hududlarda ayollarni qiynayotgan muammolar aniqlandi. Ushbu muammolar bo‘yicha manzilli ish olib borish uchun mutlaqo yangi tizim – ‘ayollar daftari’ni joriy etdik
», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan salkam 17 ming nafar xotin-qizga amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Birgina ‘Har bir oila – tadbirkor’ dasturi doirasida 126 mingga yaqin ayollarga imtiyozli kreditlar berildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qariyb 215 ming oilaga 6 trillion so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi.

Qariyb 55 ming nafar xotin-qiz tadbirkorlik va kasb-hunar markazlari tomonidan o‘qitildi, hunarmandchilik va kasanachilikka jalb etildi. ‘Besh muhim tashabbus’ doirasida chekka-chekka hududlarda tikuvchilik sexlari tashkil etilib, 10 ming nafar ayol bandligi ta’minlandi.

Uy-joy sotib olish uchun 1 ming 250 nafar opa-singillarimizga qariyb 22 milliard so‘mlik boshlang‘ich badallar to‘lab berildi. Joriy yilda ham ushbu xayrli ishlar davom ettiriladi va bu borada kuni-kecha yangi Qarorni imzoladim. Unga ko‘ra, jamiyatda ayollarimizga bo‘lgan e’tiborni eng quyi bo‘g‘ingacha, mahallagacha tushirib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yaxlit tizimi yaratilmoqda. Bundan buyon O‘zbekistonda biror-bir ayol davlat va jamiyatning e’tiboridan chetda qolmaydi. Buni har bir rahbar bilishi kerak, — dedi Prezident.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bundan buyon O‘zbekistonda biror-bir ayol davlat va jamiyatning e’tiboridan chetda qolmaydi» – Prezident