
2021 yil 1 sentabrga qadar O‘zbekistonning yirik shaharlari, viloyat va tuman markazlarida savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar tashkil etiladi. Savdo va ko‘ngilochar ko‘chalarda barcha tadbirkorlik sub’ektlariga 24 soat mobaynida tun-u kun faoliyat yuritish huquqi beriladi. Bu haqda Prezidentning «Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida so‘z boradi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun tijorat banklariga 300 million AQSH dollari ekvivalentida kredit liniyasi ochiladi. «O‘zmilliybank» 2021 yil yakuniga qadar xalqaro moliya institutlarining 200 million dollar miqdoridagi mablag‘larini jalb qiladi.
Shuningdek, 2021—2023 yillar davomida tuman (shahar)larda 15 ta dehqon bozori va 115 ta savdo komplekslari barpo etiladi. Yangi tashkil etiladigan dehqon bozorlari va savdo komplekslari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtiroki bekor qilinadi.
Bundan tashqari, 10 ta yo‘l-patrul xizmati va bojxona postidagi yerlar yengil turdagi savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlarini joylashtirish uchun tadbirkorlarga 3 yilga ijaraga beriladi. Bu nuqtalar asosan haydovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Savdo va ko‘ngilochar ko‘chalarda:
- ko‘chma savdo ob’ektlari uchun joylar tadbirkorlik sub’ektlariga elektron onlayn-auksion asosida sotiladi;
- barcha tadbirkorlik sub’ektlariga jamoat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda 24 soat mobaynida tun-u kun faoliyat yuritish huquqi beriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning iyulida «Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar ob’ektlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risi»dagi hukumat qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda belgilangan talablarni bajargan kafelarning tun-u kun ishlashiga ruxsat berilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar