00:20 / 12.08.2021
9 159

Maktab formasi va ro‘mol masalasiga aniqlik kiritildi


Shu kunlarda Xalq ta’limi vazirligi faoliyati yoki maktablarda o‘quv jarayonlariga tayyorgarlik haqidagi maqola va xabarlardan so‘ng, ko‘plab kuzatuvchilarimizdan «bu o‘quv yilida maktab formasi qanday bo‘larkan, qizlarimiz ro‘mol o‘rab borishiga ruxsat bormi?», — degan savollar juda ko‘p kelmoqda.

Shu kabi bir qator savollarga Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamovadan javob oldik. Lekin Laylo Rustamova bergan javobida Vazirlar Mahkamasining 666-son qarorini vaj qilib qizlarni maktabga ro‘mol o‘rab borishiga ruxsat yo‘qligiga ishora qildi.

1.  2021/2022 o‘quv yilida maktab formasi qanday ko‘rinishda bo‘ladi, qizlarni ro‘mol o‘rab borishiga ruxsat bormi?
—  Bu borada biz shu kungacha juda ko‘p ma’lumot berib kelmoqdamiz.  Shuningdek, Xalq ta’limi vazirining 2020 yil 28 maydagi 131-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalarining 8-bandiga muvofiq, o‘quvchilar ta’lim muassasasiga belgilangan maktab formasida kelishlari lozim ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Shunday ekan maktab o‘quvchilari belgilangan tartibda bir xil maktab formasini kiyishi shart.

2.  Xalq ta’limi vazirligiga maktab formasi yuzasidan ota-onalardan qanday takliflar tushmoqda?
—  Bizga shu kungacha maktab formasi borasida ota-onalardan hech qanday taklif tushgani yo‘q.
Respublikamizdagi har bir tashkilot o‘z salohiyatini oshirish maqsadida doimo xalqdan taklif kutadi. Hatto bu yilgi Prezidentlik saylovi jarayonlarini tashkil qilish yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi ham xalqdan, jurnalistlar va blogerlardan yangicha takliflar kutayotganini ta’kidlamoqda. Nahotki maktab formasi yuzasidan ota-onalardan biror-bir taklif  kelib tushmagan bo‘lsa.

Shuningdek, Azon.uz muxbirining «bu yilgi Prezidentlik saylovi uchun yurtimizdagi ko‘plab maktablar saylov uchastkalariga aylantirilmoqda. Bu jarayonlar bolalarning o‘qish jarayonlariga xalaqit bermasligi uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?», — degan savoliga Laylo Rustamova «to‘g‘risi hali bu borada qiziqib ko‘rganim yo‘q, lekin yaqin orada albatta batafsil ma’lumot beraman», — dedi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat