00:26 / 16.12.2021
3 099

«E’tiqod erkinligi» bo‘yicha yangi ro‘yxat: bunda O‘zbekiston yo‘q

«E’tiqod erkinligi» bo‘yicha yangi ro‘yxat: bunda O‘zbekiston yo‘q
«Dunyoning ko‘plab nuqtalarida o‘z e’tiqodi asosida yashash istagida bo‘lganlar hanuz hukumatlar tarafidan qamoqqa tashlanayotgani, tazyiqqa uchrayotgani yoki qatl etilayotganiga guvoh bo‘layapmiz», - deydi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken.

Bayden-Xarris ma’muriyati har bir insonning e’tiqod va din erkinligi huquqini kafolatlash yo‘lida sobitqadam ishlashga, ana shu fuqarolik huquqlarini poymol etayotgan hukumatlarga qarshilik ko‘rsatishga bel bog‘lagan.

Xalqaro e’tiqod erkinligi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, AQSH Davlat kotibiga har yili e’tiqod erkinligini toptayotgan hukumatlar va nodavlat strukturalar ro‘yxatini e’lon qilish majburiyati yuklangan.

Joriy yilda e’tiqod erkinligining qo‘pol tarzda buzilishiga aloqador tizimli va muntazam xatti-harakatlardagi ishtiroki yoki shunday harakatlarga zamin yaratib bergani uchun qator davlatlar alohida xavotirga molik mamlakatlar sifatida e’lon qildi. Ular Myanma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Pokiston, Rossiya, Saudiya, Tojikiston va Turkmaniston hukumatlaridir.

AQSH bosh diplomati Entoni Blinken, shuningdek, Jazoir, Komor orollari, Kuba va Nikaraguani e’tiqod erkinligini toptashdagi ishtiroki yoki bunga chora ko‘rmagani uchun maxsus nazorat ro‘yxatiga kiritgan.

Terrorchi guruhlar «Ash-Shabob», «Boko Xaram», «Hayat Tahrir ash-Shom», «Ansorulloh», «ISHID», «ISHID – Katta Sahroi Kabir», «ISHID – G‘arbiy Afrika», «Jamoati Nasr al-Islom val-Muslimin» hamda «Tolibon» alohida xavotirga molik sub’ektlar ro‘yxatiga kiritilgan.

«Zamonaviy dunyoda e’tiqod erkinligiga tahdidlar strukturaviy, tizimli xarakterga ega va chuqur ildiz otgan bo‘ladi. Bunday muammolar har bir mamlakatda mavjud. Nafrat, tazyiq va taqiblarga yo‘l qo‘yishni istamagan har bir davlat doimiy tolerantlik bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi lozim. Ushbu muammo xalqaro hamjamiyatning ziyrak nazoratini talab etadi», - dedi Blinken.

AQSH e’tiqod erkinligini poymol etgan davlatlarni javobgarlikka tortish maqsadida tegishli hukumatlarga bosim o‘tkazishni davom ettiradi. Vashington dunyo bo‘ylab diniy erkinlikni targ‘ib qilish maqsadida hukumatlar, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar hamda diniy jamiyatlar vakillari bilan yaqindan hamkorlik qilish ahdida qat’iy. Shuningdek, diniy e’tiqodi va qarashlari tufayli tazyiqqa uchragan, taqib qilinayotgan va diskriminatsiya qurboniga aylanayotgan alohida shaxslar va jamiyatlar ahvolini yengillashtirish uchun kurashadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «E’tiqod erkinligi» bo‘yicha yangi ro‘yxat: bunda O‘zbekiston yo‘q