So‘nggi paytlarda xalqimiz orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda Payg‘ambar alayhissalomni tushda ko‘rish haqidagi turfa xil fikrlar, mulohazalar ko‘payib qoldi. Hatto ayrim kishilar tomonidan Payg‘ambar alayhissalom kimningdir tushiga kirib, ayrim ahli ilmlar va solih insonlar haqida bashorat berganlari iddao qilindi.
O‘ylashimizcha, bunday gaplarning tez tarqalishi va ko‘pchilikning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘lishi, bu payg‘ambarimizga bo‘lgan e’tibor va muhabbatdan va shu bilan birga bu boradagi ilm va ma’lumotning kamligidan desak xato bo‘lmaydi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi ayni shu mavzuda quyidagi maqolani e’lon qildi.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda tush va unga tegishli masalalar bayon qilingan. Shariatimizda yaxshi tushlar mo‘minga bashorat sifatida qabul qilinadi, lekin tush dalil-hujjat bo‘la olmaydi. Faqat payg‘ambarlarning tushlarigina vahiy sifatida e’tiborga olinadi. Ulardan boshqa odamlarning rost tushlari amal qilinishi shart bo‘lgan ish emas, balki kelajakdagi biror yaxshilikdan bashorat bo‘ladi, xolos. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydigan ishdir.
Payg‘ambarimiz alayhissalomni ko‘rish ham rost tushlardan hisoblanadi. Hayotda shayton u zotning suratiga kira olmagani kabi, tushda ham suratlariga kira olmaydi. Hadisi sharifda Nabiy sollallohu alahi vasallam:
“Kim meni tushida ko‘rsa, haqiqatda o‘zimni ko‘ribdi. Chunki shayton mening suratimga kira olmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Lekin Payg‘ambarimiz alayhissalomni tushda ko‘rish fazilat va odamlar tomonidan ulug‘lanadigan ish bo‘lganidan U Zot alayhissalomni tushda ko‘rganini aytuvchilar uchrab turadi. Tobe’inlar davrida ham bu narsa tez-tez uchrab turganidan, o‘sha zamonda tushlarni ta’bir qilish bilan mashhur bo‘lgan Ibn Sirin kim Payg‘ambarimiz alayhissalomni tushda ko‘rganini aytsa: “Qani menga ko‘rganingni sifatlab berchi”, der ekanlar. Agar so‘zlovchi Payg‘ambarimiz alayhissalomni Ibn Sirin bilganidek (ya’ni, siyrat kitoblarida ta’riflanganidek) sifatlamasa: “U Zotni ko‘rmabsan”, der edilar (Isnodi sahih).
Alloh taolo Payg‘ambari vositasida shariatni komil, dinini to‘liq qildi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu dunyodan o‘tganlaridan keyin U Zotni tushida ko‘rgan odamga bir narsani buyursalar yoki qaytarsalar, bu narsa hujjat bo‘lishiga birorta dalil kelmagan. Balki Alloh taolo din komil bo‘lgandan keyingina Payg‘ambarini ruhini qabz qildi. Buning ustiga Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘zlari keltirgan Islom shariatini mahkam tutish, boshqasiga ergashmaslik, dinga kiritiladigan yangiliklardan uzoq bo‘lishni buyurib ketgan edilar.
Hozirgi kunda kuzatiladigan ajib holat shuki, ba’zi kishilar tushida Payg‘ambarimiz alayhissalomni ko‘rgani va U Zot alayhissalom ba’zi bir savobli ishlar: yetimni boshini silash, ko‘proq istig‘for aytish va hakazolarga buyurganlarini aytadilar. Atrofdagilar esa bu amallarni qilishimiz kerak ekan, deb shov-shuv ko‘tarib o‘sha amallarga urg‘u bera boshlaydilar. Vaholanki o‘sha amallar Qur’oni karim oyatlari va sahih hadisi shariflarda buyurilgan, turibdi.
Bu ishlarni Payg‘ambarimiz alayhissalom hayotlik chog‘larida aytganlar va u ko‘pchilik tomonidan o‘yg‘oqlikda eshitilib yodlab olingan. Qur’oni karim va hadisi sharifning martabasi tushning martabasidan chandon marta ortiq. O‘zini bilgan ummatlar tushda buyurilmasdan avval ham bularga amal qilib yurishibdi, albatta. Nega ba’zi birlarimiz shar’iy hukmlarni o‘qib amal qilmaymizu, bir kishi tush ko‘rib aytsa, amal qilamiz?! Bu nimaga dalolat qiladi?! Soxtakorlik va riyokorlikka berilib ketishgami?! Bu savobli ishlarga amal qilmoqchi bo‘lgan kishiga kimdir Payg‘ambarimiz alayhissalomni tushida ko‘rishi shart emas.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, ko‘rmagan tushini ko‘rdim deb, to‘qima tush aytish shariatimizda eng katta bo‘hton-yolg‘onchilik sanaladi (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu mavzuda yo‘l qo‘yiladigan xatolar shuki, ba’zilar tushimda xudo bilan gaplashdim, deb payg‘ambarlikni da’vo qiladi. Ba’zilar tonggacha tush ko‘rib, kechgacha uni odamlarga aytish, yo ta’birini izlash, yo so‘rash bilan kunni kech qiladi. Aslida inson tush ko‘rgani uchun savob olmaydi va gunohkor ham bo‘lmaydi, lekin, shariat buyurgan burch va vazifalarini bajarmasa, gunohkor bo‘ladi, so‘raladi. Zero, ulug‘larimizning bir gapi bor: “O‘ngingda Allohdan qo‘rq, tushingdagi narsadan qo‘rqma!”. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Qatarga qarshi qilish kerak bo‘lgan ishni qilmadik!