Richard Gir Tramp haqida keskin fikr bildirdi

Gollivud yulduzi Richard Gir Norvegiyaning Oslo shahrida bo'lib o'tgan Ozodlik forumi (Oslo Freedom Forum) doirasida venesuela-norvegiyalik huquq himoyachisi Torom Halvorssen bilan suhbatda siyosat, erkinlik va insoniyat kelajagiga doir qarashlari bilan o'rtoqlashdi.
Aktyor o'z nutqida bugungi dunyodagi vaziyatdan xavotirda ekanini bildirib, jamiyatning siyosiy jarayonlarga nisbatan beparvoligi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta'kidladi. Uning fikricha, odamlar ko'p hollarda muhim voqealarga etarlicha e'tibor qaratmaydi va bu esa turli xavfli jarayonlarning kuchayishiga sabab bo'ladi.
Richard Gir, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp haqida ham keskin fikrlar bildirgan. Aktyorning ta'kidlashicha, u atrofidagi insonlarni Trampning chiqishlari va siyosiy faoliyati haqida ogohlantirish uchun etarlicha harakat qilmaganini his qiladi.

Uning so'zlariga ko'ra, Tramp prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq avvalgi ma'muriyat va jamiyat tomonidan yaratilgan ko'plab ijobiy natijalarni bekor qilishga kirishgan. Shu munosabat bilan aktyor odamlarni hushyor bo'lishga chaqirib, demokratiya va erkinlikka tahdid soluvchi jarayonlarga befarq qaramaslik lozimligini ta'kidladi.
“Oltin globus” mukofoti sohibi Germaniyadagi sobiq fashistlar konslageri — Daxauga qilgan tashrifi haqida ham so'z yuritdi. Uning aytishicha, mazkur safar davomida nemis jamiyati va davlat tizimidagi o'zgarishlar qanchalik tez sodir bo'lgani haqidagi ma'lumotlar unda katta taassurot qoldirgan.
Aktyor tarixdan saboq chiqarish muhimligini ta'kidlar ekan, jamiyat beparvo bo'lib qolsa, erkinlik va qadriyatlarni juda tez yo'qotib qo'yishi mumkinligini qayd etdi. Shu bilan birga, u odamlarni o'z atrofida sodir bo'layotgan voqealarga befarq bo'lmaslikka va faol fuqarolik pozisiyasini namoyon etishga chaqirdi.





























Izohlar 0
…